O‘zbekistonda joriy yilning I choragi davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 19 646 nafar shaxsga nisbatan 15 681 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Oliy sudning ma’lum qilishicha, mazkur davrda 108 nafar shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilindi. Sudlangan shaxslar soni 15 369 nafarni tashkil etib, shundan 4 764 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 10 319 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi, 286 nafar shaxs shartli hukm qilindi.
Sudlangan shaxslarning 13 611 nafari erkak, 1 708 nafari ayol, 6 066 nafari yoshlar (shu jumladan 702 nafari voyaga yetmagan) va 601 nafari 60 yoshdan oshgan shaxslar. 2 042 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalida qamoqdan ozod qilindi.
8 181 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 2 746 nafariga tayinlangan jazosi yengili bilan almashtirildi va 3 765 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi.
Hisobot davrida ko‘rilgan jinoyat ishlarning aksariyatini
- firibgarlik,
- transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish,
- o‘g‘rilik,
- giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar,
- o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish,
- hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish,
- bezorilik,
- qasddan badanga yengil shikast yetkazish,
- giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish,
- qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlar tashkil etadi.
Yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 3 429 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.
Taftish tartibida 1 598 nafar shaxsga nisbatan 1 360 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 46 nafar shaxsga nisbatan quyi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 268 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.
Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida 286 nafar shaxsga nisbatan 240 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 58 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 87 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.
Ma’muriy huquqbuzarliklar
O‘zbekistonda joriy yilning I choragi davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 162 665 nafar shaxsga nisbatan 138 557 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilib, 105 418 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazolar qo‘llanildi.
Yarashgani munosabati bilan 19 201 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikdan ozod etildi. Ko‘rilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarning aksariyatini
- mayda bezorilik,
- ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik,
- avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish,
- elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish,
- haqorat qilish,
- transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi,
- savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish,
- jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish,
- transport vositalarini mastlik holatida boshqarish,
- sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar tashkil etadi.
2024-yilda sodir etilgan jinoyatlar statistikasi
O‘zbekistonda 2024-yilda 132 298 ta jinoyat sodir etilgan. Sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 92,4 foizi fosh etilgan. Qidiruvdagi shaxslarning 8 736 nafari ushlangan va bedarak yo‘qolganlarning 567 nafari topilgan.
Bundan tashqari, 3 880 nafar shaxslar tomonidan sodir etilgan 3 293 ta korrupsiya va iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar aniqlanib, ular oqibatida yetkazilgan 239 mlrd 584 mln so‘m miqdoridagi zarar undirilishi hamda odam savdosi jinoyatini sodir etgan 219 nafar shaxsga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishi ta’minlangan.
Jami jinoyatlar soni mamlakat bo‘yicha har 100 ming aholiga 199 tadan to‘g‘ri kelgan. Oldi olinishi lozim bo‘lgan jinoyatlar soni hanuzgacha jinoyatlarning salmoqli qismini tashkil etmoqda.
Aytilishicha, oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatchilikning asosiy ulushini o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlari tashkil etib, ularning 59,4 foizi yoshlar va 36,1 foizi ilgari sudlanganlar tomonidan sodir etilgan. Bundan tashqari, jinoyatlarning 7 mingdan ortig‘i ishsizlar tomonidan sodir etilgani, joylarda aholini ish bilan ta’minlash masalalari ham samarali hal etilmayotganini aytib o‘tildi. Kiberxavfsizlik yo‘nalishida 58,8 mingta jinoyat sodir etilgani va ularning 97,7 foizi fuqarolarning bank plastik kartalaridagi pullarni qo‘lga kiritish bilan bog‘liqligi tanqid ostiga oldi.
Izoh (0)