Rossiya mahalliy aholi bilan janjallashgan markaziy osiyolik migrantni fuqaroligidan mahrum qilib, vataniga deportatsiya qildi. Bu haqda Federal xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, migrant Lipetsk viloyatida istiqomat qilgan. U boshqa shaxslar bilan birga mahalliy aholiga qarshi millatlararo asosda mojaro boshlagan.
Og‘zaki janjalda u Rossiya fuqarolarini behayo so‘zlar bilan haqorat qilgan, sovuq qurol (pichoq) namoyish etgan va jismoniy zo‘ravonlik bilan tahdid qilgan, deyiladi FXX xabarida.
Xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari ishtirokidagi qo‘shma tadbirda migrant qo‘lga olingan. U Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksning 20.1-moddasi 1-qismi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Unga 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Shuningdek, o‘z vataniga deportatsiya qilingan.
Rossiya ichki ishlar vazirligi unga 50 yilga mamlakatga kirishni taqiqlagan. 2023-yil bahorida prezident Vladimir Putin milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi harakatlar va terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar uchun fuqarolikdan mahrum qilish imkonini beruvchi farmonni imzolagandi. Birinchi marta bunday chora o‘sha yilning oxirida Moskvada Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi (giyohvand moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda saqlash yoki muomalaga kiritish) bo‘yicha sudlangan erkaklarga nisbatan qo‘llanilgan.
Izoh (0)