2024-yilning 26-oktyabr kuni tunda sobiq amaldor Komil Allamjonovga suiqasd uyushtirilgandi. Bosh prokuratura bergan ma’lumotga ko‘ra, ichida Allamjonov bo‘lgan Range Rover Qibray tumanining Ifor ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan paytda ikki nafar noma’lum shaxs mashinaga o‘qotar quroldan bir necha marotaba o‘q uzib, voqea joyidan yashiringan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 27-oktyabr kuni ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslarning biri aniqlanib, gumonlanuvchi tariqasida ushlangan. 28-oktyabr kuni yana uch nafar, noyabr oyida esa 5 kishi qamoqqa olingan.
Mazkur voqealar fonida, aynan suiqasd sodir bo‘lgan kuni Allamjonovga xizmat qiluvchi 7 nafar fuqaro ham mayda bezorilikda ayblanib, imi-jimida sud qarori bilan 15 sutkaga qamalgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qibray tuman sudi qarori, shuningdek, ularga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzgan organ xodimlaridan norozi bo‘lgan 7 nafar fuqaro 15 sutka o‘tirib chiqqach, Oliy sudga kassatsiya tartibida shikoyat kiritgan. 2025-yilning 13-yanvar kuni Oliy sudda ana shu shikoyatchilar ishini ko‘rib chiqish boshlandi.
Men 2024-yil 26-oktyabrda sodir bo‘lgan voqeada ayblanib, ma’muriy javobgarlikka tortilgan yetti nafar fuqaroning manfaatlarini himoya qilyapman. Ular Komil Allamjonov yonida, u bilan birga ishlaydigan insonlar bo‘lgan. Xabaringiz bor, Allamjonovga 2024-yilning 25-oktyabrdan 26-oktyabrga o‘tar kechasi suiqasd qilingan edi. Ushbu yetti fuqaro ofitserlar va haydovchilar safiga kiradi. Ularning jinoyatda ishtirokini aniqlash maqsadida operativ guruh a’zolari chaqirib, so‘roq qilgan. Kun davomida ular tushuntirish bergan. Ammo kechga borib, barcha jarayonlar yakunlanganidan so‘ng, Qibray tuman IIB xodimlari ularga mayda bezorilik to‘g‘risidagi bayonnomalarni imzolashni taklif qilgan. Himoyam ostidagi 7 nafar fuqaro IIB xodimlarining bu talabini rad etib, bayonnomani imzolashdan bosh tortgani sababli xodimlar ularni tuman bo‘limiga olib ketgan. Ularga advokatlar taqdim qilinmagan, shuningdek, ular sudda ham eshitilmagan. Sudya shunchaki 15 sutkalik ma’muriy qamoqqa olish haqida qaror chiqargan. Bu qaror ustidan yuqori instansiyaga shikoyat qilish taklif qilindi, ammo 2024-yilning 3-noyabr kuniga qadar advokatlar sud qarori ustidan shikoyat qila olishmadi. Ularga bunga ruxsat berilmadi. Menga Komil Allamjonovning o‘zi ma’muriy huquqbuzarlik ishi bilan tanishishni taklif qilib, murojaat qilgach, ishni o‘rgandik. Ish bilan tanishib chiqqanimizdan so‘ng aslida ma’muriy huquqbuzarlik holati sodir bo‘lmagan, bu fuqarolar sud hujjatida aytilganidek, kafe oldida ichimliklar ichib yoki qandaydir bezorilik qilmagani ma’lum bo‘ldi. Profilaktika inspektori ham faqatgina yozuv asosida bayonnoma tuzgani oydinlashdi, deydi advokat Davron Saidov.
Advokatga ko‘ra, Toshkent viloyat sudi mayda bezorlikda ayblanib, 15 sutkaga qamalganlar bo‘yicha appelyatsiya shikoyatini ko‘rishni rad etgan.
Apellyatsiya shikoyati berilganidan so‘ng, sud ularning ishtirokisiz ishni ko‘rib chiqishni rad etdi. Ma’muriy javobgarlikka tortish uchun esa shaxsiy ishtirokni ta’minlash lozim edi. Sud ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar ishtirokini ta’minlashi shart bo‘lgani uchun 15 sutkani to‘liq o‘tashdi. Shundan so‘ng men nazorat tartibida shikoyat tayyorladim va 2025-yil 13-yanvarda ishni ko‘rib chiqish boshlandi. Yettita fuqarodan olti nafari sudga keldi, bir nafari esa xabardor qilinmagan edi. Mening iltimosimga ko‘ra, ish 2025-yil 23-yanvargacha kechiktirildi, deydi aybsiz aybdor qilinganlarni himoya qilayotgan advokat.
Davron Saidovning aytishicha, 13-yanvar kuni boshlangan sud majlisida u 7 nafar fuqaroga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomani tuzgan organni ham sudga chaqirishni iltimos qilgan.
Umid qilamanki, bu ish sud tizimidagi kamchiliklarni ko‘rsatadigan misol bo‘ladi. Xususan, guvohlar bilan uchrashuvlar uchun advokatlarning erkinligi ta’minlanmayapti. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida “Himoya advokaturasiga bag‘ishlangan” maxsus bob kiritilgan. Bu konstitutsiyada bu bob borligi katta yutuq, lekin vaqti keldi, bu Konstitutsion me’yorlar amalda ishlashi kerak. Buning uchun advokatlarning o‘z himoyasida yuradiganlar bilan uchrashuvlariga to‘sqinlik qiluvchi ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlarni bekor qilish zarur. Advokatlar himoyasidagi shaxslar bilan uchrashuv imkoniyatiga ega emasligi sharoitida, biz bu ishda ko‘rganidek, turli adolatsizlik yuzaga kelmoqda, ya’ni sud jarayoni ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan normalarni buzish bilan o‘tkazildi. Ularning ma’muriy qamoqda saqlanishi milliy qonunchilik va O‘zbekiston Respublikasining Xalqaro fuqarolik va siyosiy huquqlar pakti doirasidagi xalqaro majburiyatlariga zid edi. Fuqarolarimiz adolatli sudlov huquqidan mahrum bo‘ldi, deydi himoyachi.
Advokatning OAV vakillari savoliga javob qaytarishicha, 7 nafar fuqaroning aybsiz aybdor qilinishi, shuningdek, sudlarda advokatlar bilan ta’minlanmasligi ishga aralashuvlar borligidan dalolat beradi.
Himoya uchun advokat taqdim etilmasligi ana shunday ta’sir bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeks buzilgan. Ma’muriy huquqbuzarlik maqsadi boshqa yo‘l bilan ta’minlanmagan. Buni qanday va kim qilgan? Biz bu bo‘yicha ham sudga murojaat qilamiz, deydi Davron Saidov.
Izoh (0)