Metan zapravkada gaz yetmayotgani uchun eʼtiroz bildirib, masʼullarni tanqid qilgan G‘ayrat Do‘stov sud hukmi bilan 15 sutkaga qamalgandi. “Daryo” muxbirining xabar qilishicha, fuqaro va uning advokatlari tomonidan keltirilgan apellyatsiya shikoyatlariga asosan unga oid maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bugun, 3-yanvar kuni ko‘rib chiqildi.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi zapravkada gaz yo‘qligidan shikoyat qilib, mas’ullarni tanqid qilgan fuqaro ishini ko‘rib chiqib, qaror chiqardi.
Sud dastlabki instansiya qarorini qisman bekor qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalgi sud hukmida G‘ayrat Do‘stov 2024-yil 23-dekabr kuni Toshkent shahar Bektemir tumanida joylashgan zapravkada shoxobcha xodimlarini turli so‘zlar bilan haqoratlab, jamoat tartibini buzib, mayda bezorilik qilgani yozilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi raisi D.A.Dadaxanovaning 26-dekabrdagi qarori bilan G‘.Do‘stov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik)da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan va 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan. Shuningdek, undan Toshkent shahar IIBB Maʼmuriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash maxsus qamoqxonasi foydasiga qamalganlarni saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar uchun maʼmuriy qamoqning har bir sutkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida, jami 843 ming 750 so‘m undirish belgilangan.
Avvalroq G‘ayrat Do‘stovni sudda 12 nafar advokat himoya qilayotgani, jarayonda sudlanuvchining tobi qochgani maʼlum bo‘lgandi. U sud majlisidagi tanaffus paytida yaqinlari va advokatlari bilan suhbatlashib, boshiga qop kiydirishgani va yerto‘lada saqlashganini aytgan.
“Nima bo‘lganda ham vatanga xiyonat qilmadim, xiyonatchi emasman”, deya bir necha marta takrorlagan sudlanuvchi.
Keyinroq sud majlisida chiqish qilgan advokat Bahrom Ermatov tanqidni mayda bezorilik deb atash xatoligini taʼkidlagandi.
“Birinchi instansiya sudi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2 va 3-moddalari talablarini qo‘pol ravishda buzgan. Himoyam ostidagi G‘ayrat Do‘stov tomonidan mayda bezorilik sodir etilmagan. U zapravkada 6–8 soatlab turib, ayni navbati kelganda gaz berish to‘xtatilgani sabab kuchli ehtiros bilan hayajonlanib gapirgan. Prezidentning aholini gaz bilan taʼminlash bo‘yicha topshiriqlarini bajarmayotgan masʼullarnigina tanqid qilgan. Shuning uchun biz tanqidni mayda bezorilik deb aytishimiz mumkin emas. Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi ishni tugatishni so‘rayman”, degandi advokat.
Izoh (0)