Navoiy viloyatining Karmana tumanida ikki nafar yoshlar yetakchisi YTH oqibatida vafot etgandi. YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, Nexia-3 avtomobili katta tezlikda harakatlangan.

Holat aks etgan video ham e’lon qilindi. Unda avtomobil o‘zidan oldinda harakatlanib ketayotgan yuk mashinasini quvib o‘tayotganda yo‘l chetiga chiqib ketib, ag‘darilganini ko‘rish mumkin.
YTH 3-may kuni sodir bo‘lgandi. Uning oqibatida Karmana tumani “Farhod” mahallasi yoshlar yetakchisi Ulug‘bek Oblaqulov va ushbu tumanning “Bahrom” mahallasi yoshlar yetakchisi Muhriddin Bahromov vafot etgan. Karmana tumani Yoshlar ishlari bo‘limi sho‘ba mutaxassisi Valijon Kasimov shifokorlar nazoratida qolmoqda.
Yoshlar ishlari agentligining viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shiringul Asoyevaning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, ular o‘sha kuni To‘dako‘lda bo‘lib o‘tayotgan shaxmat bo‘yicha DXX kubogiga ketayotgan bo‘lgan. Shiringul Asoyeva ikki nafar yoshlar yetakchisi va bir nafar xodim o‘sha kuni nega tadbirga yo‘l olishganini, ularga bu haqda kimdir topshiriq berganmi yoki yo‘qmi, anig‘ini bilmasligini aytdi.

Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ushbu YTHda halok bo‘lgan yoshlar yetakchilarining ota-onasi va yaqinlariga moddiy hamda ma’naviy ko‘mak ko‘rsatilishini ma’lum qilgan.
Ayni paytda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)