Yana bir mashhur shoir xonanda Botir Qodirov ustidan Adliyaga shikoyat qildi, deb xabar bermoqda Intellektual mulk departamenti.

Maʼlum qilinishicha, “Abdussamiy” taxallusi bilan bilan tanilgan shoir Shohrux Abduvohidovga tegishli “Qizg‘anaman”, “So‘nggi nafasgacha”, “Sog‘indim yomon” hamda “Dildora” nomli sheʼrlar xonanda Botir Qodirov tomonidan huquq egasi ruxsatisiz hamda tegishli tartibda mualliflik haqini to‘lamasdan foydalanilgan.
Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177 prim 1-moddasi bilan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sudga yuborildi.
Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining qaroriga ko‘ra, huquqbuzarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177 prim 1-moddasining ikkinchi qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 8 baravari miqdorida — 3 000 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.
Botir Qodirovda bu birinchisi emas
Avvalroq shoir “Shamsiddin Sadoiy”ning Adliya vazirligiga qilgan murojaati asosida “Davlating borida”, “Omonat” va “Tingla do‘stim” nomli sheʼrlari xonanda Botir Qodirov tomonidan huquq egasi ruxsatisiz hamda tegishli tartibda mualliflik haqini to‘lamasdan foydalanilgani aniqlangan.
Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining qaroriga ko‘ra, huquqbuzarga nisbatan MJtKning 177 prim 1-moddasining birinchi qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida — 1 875 000 so‘m jarima jazosi tayinlangan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunining 65-moddasiga asosan muallif yoki mutlaq huquqlarning boshqa egasi huquqbuzardan zarar qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda to‘lanishi lozim bo‘lgan tovonni to‘lashini talab qilishga haqli hisoblanadi.
Izoh (0)