AQSH va Isroil harbiy-havo kuchlari 5-may kuni kechqurun Yamanning Sana va Xodeyda shahriga ketma-ket havo hujumlari uyushtirdi. Bu haqda The Times of Israel xabar berdi.

Aviahujumlar Tel Avivdagi Ben-Gurion aeroporti hududiga husiylar raketa hujumi uyushtirgandan bir necha kun o‘tib amalga oshirildi. Saudiya matbuotiga ko‘ra, AQSH harbiy-havo kuchlari Sanaga uchta to‘lqin bilan hujum qilgan. Xodeyda porti Isroilning 30 dan ortiq samolyotlarining diqqat markazida bo‘lgan. Amerikalik va isroillik uchuvchilar asosan infratuzilma va energetika obyektlarini nishonga olgan.
Isroil va AQSHning hujumlari bir vaqtning o‘zida amalga oshirilgan, Yaman hududiga 50 ta o‘q-dori tashlangani aytilmoqda.
Biz Xodeyda porti va qurol-yarog‘ zavodlari qurilishi uchun ishlatilgan beton ishlab chiqaruvchi zavodlarni yo‘q qildik. Bu juda kuchli hujum va oxirgisi emas. O‘yin tugadi, deydi isroillik manba.
Yana bir manbaning aniqlik kiritishicha, Xodeydadagi portga berilgan zarbalar kuchli, ammo halokatli emas.
Xodeyda porti juda katta zarar ko‘rdi, ammo uni vayron bo‘lgan deb bo‘lmaydi, dedi u.
Husiylar Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Sanada 16 kishi yaralangan. Xodeydada jabrlanganlar haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mudofaa vaziri Israel Kats Tel Avivdagi harbiy hukumat majmuasidan uyushtirilgan hujumlarni kuzatib borgan.
Isroil Yaman iqtisodiy obyektlariga hujum qildi, chunki u harbiylariga yetib bora olmadi, deya izoh berdi husiylar siyosiy byurosi.
Ta’kidlanishicha, Isroilning Yamandagi sement zavodiga bergan zarbalari oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, 42 kishi yaralandi.
Izoh (0)