Surxondaryodagi bozorda ayol yosh qizchani pichoqlagani aks etgan video tarqalgandi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning “Daryo” so‘roviga ko‘ra ma’lum qilishicha, qizcha vafot etgan.

Voqea 1-may kuni Denov tumanida sodir bo‘lgan. Qizaloq olgan tan jarohatlari oqibatida tuman tibbiyot birlashmasida vafot etgan. Gumonlanuvchi ayol protsessual tartibda ushlangan. Olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ayol ruhiy kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turgan.
Tarmoqda tarqalgan videoda ayol onasi bilan ketayotgan qizchaga odamlar ko‘z o‘ngida pichoq urgani, so‘ng pichoqni tashlab ketib qolganini ko‘rish mumkin. Qizcha ko‘p qon yo‘qotgan. Uni pichoqlagan ayol huquq-tartibot organlari tomonidan ushlangan.
Hozirda ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Aprel oyining o‘rtalarida Farg‘ona viloyatida erkak tushi sabab uxlab yotgan xotinini o‘ldirgani xabar qilingandi. Ular orasida kelishmovchilik yoki janjal bo‘lmagan. Tushida ayolining xiyonatini ko‘rgan erkak uni pichoqlab o‘ldirgan.
2024-yilning yozida Toshkentda erkak 3 yoshli bolani vahshiylarcha o‘ldirgandi. Qotillik sodir etgan erkak 24 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Izoh (0)