Yerga yaqin kunlarda og‘irligi qariyb yarim tonna keladigan sovet planetalararo kosmik apparati qulab tushadi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Kosmik apparat 1972-yilda Veneraga uchirilgan “Kosmos-482” stansiyasining qo‘nish moduli hisoblanadi. U o‘sha vaqtdan beri Yer orbitasida qolgan. Qurilma aynan qachon sayyora yuzasiga tushishi noma’lum, ammo bu, taxminan, may oyining birinchi yarmida sodir bo‘ladi.
Ekspertlardan biriga ko‘ra, uning turar joy hududlariga tushish xavfi mavjud. Venera stansiyasi 1972-yil 31-mart kuni tongda Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan uchirilgan. U boshqa bir stansiyaning zaxira nusxasi edi. Ikkala apparat ham texnik xususiyatlari jihatidan bir xil bo‘lgan va “Venera-8” dasturi doirasida uchirilgan.
Bunday takroriy uchirishlar sayyoralararo tadqiqotlar paytida muvaffaqiyatga erishish ehtimolini oshirish uchun qo‘llangan. Ular “Soyuz” bilan bir oilaga mansub “Molniya M” raketalarida uchirilgan, biroq og‘irroq apparatlarni yuqoriroq orbitalarga olib chiqish uchun bir pog‘ona kattalashtirilgan.
“Venera-8” apparati 4 kun oldin uchirilgan va belgilangan joyga yetib borgan. U o‘z tadqiqot dasturini to‘liq bajargan. Ammo “Kosmos-482” texnik nosozlik tufayli Veneraga yetib bormagan va Yer orbitasida qolib ketgan.
NASA saytining ushbu qurilmaga bag‘ishlangan sahifasida yozilishicha, u to‘rt qismga bo‘lingan: ularning ikkitasi pastki Yer atrofidagi orbitada qolib, 48 soat ichida atmosferada yonib ketgan. Qolgan ikkita qismi — qo‘nish moduli va dvigatel bloki — yuqoriroq elliptik orbitaga chiqib ketgan.
Qaysi hududlarga qulab tushishi mumkin?
Orbital parametrlar asosida hisob-kitoblarga ko‘ra, ehtimoliy qulash hududi asosan quruqlik ustidan o‘tadi, xususan, Misr, Suriya, Turkiya va Ozarbayjon hududlari ustidan. Shu sababli apparatning yashash hududlariga tushish xavfi mavjud.
Agar qurilmaga to‘liq shikast yetmasa, hisoblangan 242 km/soat tezlikda Yerga urilsa, zarba energiyasi taxminan 1,1-1,2 megajoulni tashkil qiladi, bu yuzlab gramm trotil portlashiga teng, dedi u.
“Kosmos-482” qulashi, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 8—14-may kunlari sodir bo‘ladi.
Izoh (0)