Farg‘ona, Toshkent va Namangan viloyatlarida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Uchko‘prik tumanida 597,2 mln so‘mlik tabiiy gazni o‘g‘irlagan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasi aniqlandi.
“Sh.o.” MCHJ masʼul shaxslari AGTSHga o‘rnatilgan gaz hisoblagichga tashqi taʼsir o‘tkazib, tijorat maqsadida 331,7 ming kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.
Shuningdek, “A.B.” MCHJ rahbari F.A. Chinoz tumani, “Afg‘on” MFY hududidagi maktab oshxonasida tijorat maqsadida elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, 248,4 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan.

Bundan tashqari, Uchqo‘rg‘on tumanida fuqaro D.T. davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan novvoychilik bilan shug‘ullanib, 209,7 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.
Shu bilan birga, fuqaro B.Ch. “Qozoqovul” MFY hududidagi xonadonida yashirin faoliyat ko‘rsatayotgan ishlab chiqarish sexida tijorat maqsadida elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, 178,9 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bunday holatlar soni ortib bormoqda
Samarqand viloyatidagi korxonalardan biri 553 million so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangani aniqlangandi. Shu bilan birga Qashqadaryoda 177 mln so‘mlik gaz va “svet”dan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlangani xabar qilingandi.
Shuningdek, Qashqadaryoda elektrdan noqonuniy foydalangan korxona davlatga 1 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazgan. Bundan tashqari, Toshkent, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida energiya resurslariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etilgandi.
Izoh (0)