Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda ilk yo‘lbo‘yi pulli avtoturargohlar sinov tarzida ishga tushirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati bu ma’lumotni tasdiqladi.

Poytaxt ma’muriyatining Spot’ga ma’lum qilishicha, birinchi bosqichda yo‘lbo‘yi to‘xtash joylari uchun 13−14 ming o‘ringa mo‘ljallangan 86 ta pulli avtoturargoh ishga tushirilgan. Pulli avtoturargohlardan biri Amir Temur xiyoboni atrofida joylashgan bo‘lib, maxsus belgi — to‘q sariq fonda qora rang bilan katta “P” harfi tasvirlangan. Uning narxi soatiga 12 ming so‘mni tashkil etadi, to‘lamaganlik uchun jarima ko‘zda tutilgan.
Avtoturargoh uchun to‘lovlarni Poytaxt Parking ilovasi orqali onlayn yoki Paynet terminallari orqali naqd pulda amalga oshirish mumkin. Mobil ilovani ishlab chiqish bilan pulli “parkovka” tashkil etish huquqini qo‘lga kiritgan Streetpark Systems kompaniyasi shug‘ullangan.
Dastlab, birinchi pulli avtoturargohlar mart oyida sinov tariqasida ishga tushirilishi kerak edi, iyul oyidan esa pulli avtoturargohlarni ommaviy ravishda joriy etish rejalashtirilgandi.
To‘lovlarni nazorat qilish maxsus planshetlar va avtomobillar bilan joylarda tekshiruvchi videokuzatuv kameralari yordamida amalga oshiriladi. To‘lov qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik faqat 2026-yildan joriy etilishi mumkin.
Toshkentda pulli to‘xtash joylari haqida
Toshkentda avtomobillar uchun yo‘l bo‘ylarida pulli to‘xtash joylari tashkil etilishi haqida 2021-yilda ma’lum bo‘lgandi. 2024-yil 16-oktyabr kuni Shavkat Umurzoqov Toshkent shahrida transport vositalarining pulli to‘xtab turish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjatda pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun to‘lovlar miqdori ham tasdiqlandi.
Pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish huquqi uchun auksionda dastlab Balcomuz qo‘shma korxonasi g‘olib bo‘lgandi. Kompaniya 3 yil davomida avtoturargohlarni ijaraga olish uchun taxminan 120 milliard so‘m taklif qilgan, ammo kelishuv tasdiqlanmagan. 2024-yil 17-dekabr kuni takroriy auksion o‘tkazilib, boshlang‘ich narxdan 10 foizga yuqori narx (62,93 milliard so‘m) taklif etgan Streetpark Systems kompaniyasi g‘olib bo‘ldi.
Pulli avtoturargohlar to‘rtta tarif zonasiga bo‘lingan: soatiga 5, 8, 10 va 12 ming so‘m. Eng yuqori tarif Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilib 30 ming so‘m etib belgilangan.
Izoh (0)