Namangan viloyatida sifatsiz neft mahsulotini sotuvga chiqargan AYQSHlarga nisbatan chora ko‘rildi, deb xabar bermoqda “O‘zenergoinspeksiya”.

“O‘zenergoinspeksiya” Namangan viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida “R. P.” va “T. N. B.” MCHJlarga qarashli AYQSHlar tomonidan sotilayotgan Ai-92 markali avtobenzindan namunalar olinib, laboratoriyada tahlil qilinganda davlat standart talablariga mos kelmasligi (sifatsiz) aniqlandi.
Ushbu qoidabuzarlik natijasida qonunning 43-moddasiga asosan realizatsiya qilingan tovar qiymatining 50 foizi (63,6 mln so‘m) miqdorida iqtisodiy sanksiya qo‘llanildi.
Shuningdek, aniqlangan qoldiq saqlanayotgan sifatsiz neft mahsulotlarini sotuvga chiqarmaslik va sifatini qayta tiklash lozimligi bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
2025-yilning fevralida Andijon viloyatida faoliyat yurituvchi 18 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlar sifatsiz benzin ortidan 128 million so‘mga yaqin daromad qilgani aniqlangandi. O‘sha oyda Buxoro viloyatidagi 47 ta avtomobilga gaz to‘ldirish shoxobchalariga nisbatan raqobatga qarshi til biriktirishlar yuzasidan tegishli choralar ko‘rilgandi. Mart oyida Buxoroda ishlamayotgan zapravkada 430 tonnadan ortiq Ai-80 benzini noqonuniy sotilgani aniqlangandi.
Mart oyida esa Toshkent va Samarqand viloyatida sifatsiz benzin sotgan zapravkalarga chora ko‘rilgan edi.
Izoh (0)