O‘zbekistonda 2025-yilning birinchi choragida quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasini elektr tarmoqlariga o‘tkazganlarga 8 milliard so‘mdan ortiq subsidiya berildi.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar—mart oylarida 12 746 nafar jismoniy shaxs elektr tarmoqlariga o‘tkazilgan quyosh energiyasi uchun davlat byudjetidan 8 milliard 147 million so‘m subsidiya oldi. Bu 2024-yilning butun davri uchun ajratilgan subsidiyalarning qariyb 67 foizini tashkil etadi.
Subsidiyaning eng katta qismi quyidagi hududlarga to‘g‘ri kelmoqda:
- Xorazm viloyati — 2,6 milliard so‘m;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 1,1 milliard so‘m;
- Toshkent shahri — 585 million so‘m.
O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun ayni paytda bir qator imtiyozlar beriladi.
Yuridik shaxslar:
- umumiy quvvati 100 kVt gacha bo‘lgan QTEM qurilmalaridan foydalangan holda umumiy tarmoqqa elektr energiyasini realizatsiya qilishdan olingan daromad uchun foyda solig‘i 0 foiz stavkada qo‘llanadi.
- mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan belgilangan muddatga ozod qilinadi.
Jismoniy shaxslar:
- mol-mulk solig‘i summasi kamaytiriladi 2 (BHMning ikki baravaridan oshmaydigan summaga).
- yer solig‘i summasi kamaytiriladi (BHMdan oshmaydigan summaga).
- “Quyoshli xonadon” dasturi bo‘yicha subsidiya oladi.
2023-yil 1-apreldan “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida xonadoniga quyosh panellarini o‘rnatgan jismoniy shaxslarga quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan va yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt soati uchun 1000 so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilangan.
O‘zbekistonda 2025-yilning 1-choragida Respublika bo‘yicha jami 10 117 ta obyektga kichik quvvatli quyosh panellari o‘rnatildi. Bu panellar orqali 60,082 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lib, buning natijasida 15 million metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishilib, 17 ming tonna zararli gazlarning atmosferaga chiqishi oldi olingan.
Izoh (0)