O‘zbekistonda 2025–2029-yillar davomida zamonaviy standartlar asosida kamida 58 ta maktab quriladi. Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilandi.

Hujjatda qayd etilishicha, Islom taraqqiyot banki, Rivojlanish uchun islom birdamlik jamg‘armasi va Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik tashkilotidan 200,25 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni jalb qilish orqali O‘zbekistonda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish maqsad qilingan.
2025—2029-yillarda zamonaviy standartlar asosida kamida 58 ta maktab qurish va 72 mingtadan ziyod qo‘shimcha o‘quv o‘rinlarini yaratish orqali sohadagi navbatlilik koeffitsiyentini kamaytirish rejalashtirilmoqda. Kamida 500 nafar nogironligi bor o‘quvchilar uchun inklyuziv ta’lim sharoitlarini yaratish ko‘zda tutilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari taklifiga asosan yangi maktablar qurilishi soniga va quvvatiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
Davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, kompetensiyalarga asoslangan ta’lim tamoyillarini joriy etish, laboratoriya mashg‘ulotlarini STEM standartlariga muvofiq tashkil qilish ham belgilanmoqda. Xalqaro talablar va yondashuvlar asosida 36 ming nafar pedagog kadrlarning kasbiy rivojlanishi ta’minlanib, malaka oshirishning “aralash o‘qitish” modeli joriy qilinadi.
Maktablar uchun yer ajratish
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Kadastr agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda infratuzilmaga ega bo‘lgan yer uchastkalarini aniqlab, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining hududiy tizim tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratishi lozim.
Yerlarni ajratishda quyidagi mezonlar asos qilib olinadi:
- ajratiladigan yer uchastkalari aholi zichligi hamda o‘quv o‘rniga bo‘lgan talab yuqori bo‘lgan hududda joylashishi;
- ajratiladigan yer uchastkalari infratuzilmaga (elektr energiyasi, ichimlik suvi, gaz, yo‘l, oqova suv) ega bo‘lishi;
- ijtimoiy soha obyektlarini qurishga mo‘ljallangan yer maydoni hisobidan yer uchastkalari ajratilishi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari hududidagi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini ko‘chirish, shuningdek, ichimlik va oqova suv ta’minoti, elektr, gaz va aloqa tarmoqlarini tortib kelish tegishliligi bo‘yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zsuvta’minot” AJ, “Hududgazta’minot” AJ va “O‘zbektelekom” AK tomonidan mahalliy byudjetlarda ushbu maqsadlarga mo‘ljallangan mablag‘lar hamda ularning qo‘shimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi.
O‘zbekistondagi maktablar
Mamlakatda maktab taʼlimini rivojlantirish umummilliy harakatga aylandi. Oxirgi yetti yilda 5 mingdan ziyod maktabda, 2024-yilda 608 ta maktabda qurilish va taʼmirlash ishlari bajarildi. Yoshlarga ikkinchi xorijiy til va kasb o‘rgatish kengaytirildi. Ilk bor 530 ta maktabda inklyuziv taʼlim yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekistonda maktablar soni so‘nggi 5 yilda 660 taga ko‘paydi. 2024-yil mart oyida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda 14 ta prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi va 182 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat yuritmoqda. Ulardagi o‘qitish va baholash tizimi 1 ming 500 ta umumtaʼlim maktabida ham joriy etildi. 2025-yil sentyabrdan xalqaro maktab faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Izoh (0)