2025-yil 23-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Turkiya Buyuk Мillat Мajlisi raisi Numan Kurtulmushning taklifiga binoan Turkiya Respublikasiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Tanzila Norboyeva Turkiya Respublikasining birinchi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturk hoki qo‘yilgan Anitkabir yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi.
Turkiya Respublikasining asoschisi Mustafo Kamol Otaturk o‘z Vatanining milliy istiqloli uchun kurashgan tarixiy shaxs sifatida qadrlanadi.
Anitkabir yodgorlik majmuasi Mustafo Kamol Otaturkning davlat va xalq oldidagi xizmatlariga hurmat ifodasi sifatida bunyod etilgan. 750 kvadrat metr maydonni egallagan majmua maqbara, muzey, bog‘ va boshqa obyektlarni o‘z ichiga olgan.
Tanzila Norboyeva Turkiyaning buyuk davlat va siyosat arbobi Mustafo Kamol Otaturk qabriga gul qo‘yib, uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi hamda Faxriy mehmonlar kitobida yozuv qoldirdi.
Tanzila Norboyeva Turkiyaning buyuk davlat va siyosat arbobi Mustafo Kamol Otaturk qabriga gul qo‘yib, uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi hamda Faxriy mehmonlar kitobida quyidagi so‘zlarni yozib qoldirdi:
“Turkiya Respublikasining asoschisi va ilk Prezidenti hamda Turkiya Buyuk Мillat Мajlisining birinchi raisi Mustafo Kamol Otaturkni ziyorat qilib, u kishining porloq xotirasini yodga olish biz uchun ulkan sharaf va iftixor bag‘ishladi.
Qardosh turk xalqining bugungi zamonaviy va farovon kunlarga erishishida ushbu ulug‘ davlat arbobi boshlagan ulkan islohotlarning o‘rni beqiyosdir.
Mustafo Kamol Otaturk o‘z faoliyati davomida bizning mamlakatimizdan, jumladan, Buxorodan kelgan delegatsiyalarga yuksak mehmondo‘stlik ko‘rsatganini doimo chuqur minnatdorchilik bilan eslaymiz va qadrlaymiz.
Turk millatining ardoqli farzandi, Turkiya Respublikasining asoschisi, ulug‘ qo‘mondon Mustafo Kamol Otaturk xotirasi oldida chuqur taʼzim qilamiz”.
Anqaraga tashrifi doirasida Turkiya Buyuk Millat Majlisi Raisi Numan Kurtulmush bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida ikki davlat rahbarlarining mustahkam siyosiy irodasi va do‘stona munosabatlari tufayli O‘zbekiston-Turkiya aloqalari har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani taʼkidlandi.
Parlamentlar davlatlararo hamkorlikni chuqurlashtirishda tobora faol ishtirok etayotgani qayd etildi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazorati muhimligi, shuningdek, tegishli qo‘mitalar va do‘stlik guruhlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.
Madaniy-gumanitar aloqalar, ayniqsa, taʼlim va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, yoshlar va hududlararo tajriba almashish muhimligi taʼkidlandi. Turkiy tilli mamlakatlar parlamentlari va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi aloqalarni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga qaratilgan O‘zbekiston Repsublikasi Oliy majlisi bilan Turkiya Buyuk Millat Majlisi o‘rtasida hamkorlik Bayonnomasi imzolandi.
Ushbu hujjat O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘zaro tajriba almashishi, qonunchilik jarayonida yaqindan hamkorlik qilishi nazarda tutilgan bo‘lib, shu tariqa umumiy manfaatlarga xizmat qiluvchi sohalarda – siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, taʼlim, yoshlar va sport yo‘nalishlarida yana-da faol va tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Bu nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, balki butun mintaqada barqarorlik va taraqqiyotga xizmat qiluvchi muhim diplomatik qadamdir.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva Turkiya Buyuk Millat Majlisi Faxriy mehmonlar kitobida yozuv qoldirib, ikki tomonlama parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash muhimligini taʼkidladi.
Bundan tashqari, Senat raisi Turkiya Respublikasi oila va ijtimoiy xizmatlar vaziri Mahinur Ozdemir Gyoktash bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ijtimoiy sohada hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, tomonlar ijtimoiy himoya, oila instituti hamda ayollar va bolalar huquqlarini taʼminlash muhimligini taʼkidladi.
Shuningdek, ijtimoiy xizmat xodimlarining malakasini oshirish, quyi bo‘g‘ingacha sifatli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini taʼminlash, tegishli qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tajriba almashish haqida fikr yuritildi.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida hududlararo hamkorlik yo‘lga quyilganligini inobatga olib, oila, xotin-qizlar masalalari va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish hududiy bo‘limlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu bilan birga, xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ikki mamlakat tadbirkor ayollarining biznes-forumlari o‘tkazishga kelishib olindi.
Izoh (0)