Madridning “Real” klubi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Braziliya futbol konfederatsiyasi (CBF) vakili hamrohligida Londonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda pentakampeonlar bosh murabbiyligiga oid taklifni rad etdi. Bu haqda Ispaniyaning Marca nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, italiyalik mutaxassis CBF prezidenti Ednaldo Rodriges bilan bog‘lanib, bildirilgan qiziqish uchun minnatdorlik bildirgan. Hozirda esa Anchelotti Saudiya Arabistonining nomi oshkor etilmagan klubidan olingan jiddiy taklifni ko‘rib chiqmoqda.
Ta’kidlanishicha, Karlo Anchelotti Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida “Real”ni boshqaradi va ushbu musobaqadan so‘nggina klubni tark etib, boshqa jamoa bilan shartnoma imzolashi mumkin.
Shuningdek, Anchelotti “Real”dan 4 million yevro miqdorida kompensatsiya so‘ragani, biroq klub bu talabni rad etgani ma’lum qilinmoqda. “Qirollik klubi” italiyalik mutaxassis qolgan 1 yillik shartnomasidan o‘z ixtiyori bilan voz kechadi, deb hisoblamoqda.
Izoh (0)