Shimoliy Koreyada yangi ko‘p maqsadli “Chxve Xyon” esminetsining qurollari sinovdan o‘tkazildi. Jarayonni Kim Chen In va uning qizi kuzatdi. Bu haqda KCNA xabar berdi.

Esminets qurol tizimlarining birinchi sinovi 28 va 29-aprel kunlari bo‘lib o‘tdi. Kim Chen In flotni yadroviy jihatdan mustahkamlash “davlat suverenitetini himoya qilishda muhim” ekanini ta’kidladi. Sinovlar doirasida quyidagi qurol turlari ishlatilgan:
- yuqori tezlikdagi qanotli raketalar;
- strategik qanotli raketalar;
- zenit (havo hujumidan mudofaa) raketalari.

Shuningdek, 127 millimetrli palubali avtomatik zambarakdan ham o‘q otildi. Bundan tashqari, kemaga qarshi taktik boshqariladigan qurollar, avtomatik, tutun chiqaruvchi to‘plar samaradorligi tekshirildi.

Kim Chen In esminetsning sinovlarga tez tayyorgarlik ko‘rayotganini ta’kidlab, buni “qat’iy reja asosida” bajarish va qurol-yarog‘ tizimlarini birgalikda qo‘llashga tayyorgarlikni iloji boricha qisqa muddatda takomillashtirish zarurligini aytdi.

Shuningdek, u kemaning o‘t ochish tizimlarini yuqori baholadi — bu tizimlar eng kuchli zarba beruvchi qurollarni, jumladan, yuqori tezlikdagi qanotli raketalar va strategik qanotli raketalarni umumiy mudofaa tizimlari bilan samarali uyg‘unlashtira oladi.



Izoh (0)