Buyuk Britaniyada Amerika kompaniyasi Google’ga qarshi 5 milliard funt sterlingdan ortiq (taxminan 6,6 milliard dollar) jamoaviy da’vo kiritildi. Bu haqda CNBC telekanali xabar berdi.

Kompaniya onlayn qidiruv bozorida “deyarli to‘liq hukmronlik” qilishda ayblanmoqda. Da’vo Buyuk Britaniyaning raqobat masalalari bo‘yicha apellyatsiya sudiga topshirilgan.
Da’vogarlar Google o‘z mavqeyidan foydalanib, raqobatdosh qidiruv tizimlarining faoliyatini cheklaganini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, bu kompaniyaga monopol holatini mustahkamlash va o‘z platformasini qidiruv reklamasini joylashtirish uchun yagona foydali maydonga aylantirish imkonini bergan.
Shuningdek, da’vo arizasida Google raqobatni cheklash uchun qator choralar ko‘rgani, jumladan, smartfon ishlab chiqaruvchilari bilan Google Search va Chrome brauzerini Android qurilmalariga oldindan o‘rnatish bo‘yicha kelishuvlar tuzgani hamda Google’ni Safari brauzerida asosiy qidiruv tizimi sifatida o‘rnatish uchun Apple kompaniyasiga milliardlab dollar to‘lagani ta’kidlandi.
Yevropa Ittifoqi Amerika texnologiya gigantlari Apple va Meta’ni monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzganligi uchun jarimaga tortishi mumkinligi xabar berilgandi. Yevrokomissiya Google qidiruv tizimini o‘z ichiga olgan Alphabet kompaniyasiga Yevropa Ittifoqining raqamli bozorida raqobat qoidalarini muntazam ravishda buzayotgani to‘g‘risida ogohlantirish yuborgandi.
Izoh (0)