AQSH prezidenti Donald Tramp ikkinchi prezidentlik muddatiga qayta saylanganidan keyin inauguratsiya marosimi uchun rekord miqdorda — 239 million dollar yig‘di. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp to‘plagan mablag‘ sobiq prezidentlar Barak Obama va Jo Baydenning uchta inauguratsiya marosimiga sarflagan xarajatlaridan deyarli 100 million dollarga ko‘p. Tramp sakkiz yil oldingi ko‘rsatkichini ham ortda qoldirgan. O‘shanda u davlat rahbari sifatidagi birinchi inauguratsiyasi uchun 107 million dollar yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan edi.
Yig‘ilgan pullar qabul marosimlari, ziyofatlar va inauguratsiya bilan bog‘liq boshqa tadbirlarni tashkil etishga sarflangan.
Ko‘plab korporatsiyalar rahbarlari qayta saylangan prezidentni qo‘llab-quvvatlashgan. Apple, Amazon va Alphabet rahbarlari inauguratsiya marosimida faxrli o‘rinlarni egallab, Trampning e’tiborini qozonishga harakat qilishgan.
“Hyundai Motor America, NVIDIA va Target kompaniyalari prezident Donald Trampning ikkinchi inauguratsiyasi uchun rekord darajadagi xarajatlarni moliyalashtirish uchun yetti raqamli xayriya qildi”, deyiladi maqolada.
Shunday bo‘lsa-da, Tramp siyosati ba’zi donorlarga zarar keltirishi mumkin.
AQSH qonunchiligiga ko‘ra, inauguratsiya qo‘mitalari mablag‘ yig‘ish qoidalarini o‘zlari belgilashlari mumkin, ammo chet el fuqarolari va kompaniyalari tomonidan moliyalashtirish taqiqlanadi. Tramp inauguratsiya qo‘mitasi xarajatlar va mablag‘lar qoldig‘i bo‘yicha to‘liq hisobotni soliq xizmatiga faqat 2026-yilda taqdim etadi.
AQSHda o‘tgan yilning 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda Tramp g‘alaba qozonish uchun kerakli bo‘lgan 270 dan ortiq ovozni yig‘ib, AQSHning 47-prezidentiga aylandi. 20-yanvar kuni Donald Tramp AQShning 47-prezidenti lavozimiga kirishdi.
Izoh (0)