Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyatidagi neft-kimyo korxonasida terakt uyushtirmoqchi bo‘lgan ikki nafar “markaziy osiyolik” yo‘q qilindi. Bu haqda mamlakat xavfsizlik xizmatiga tayanib “TASS” xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, terakt uyushtirmoqchi bo‘lganlar go‘yoki ukrainalik kuratorning ko‘rsatmasi bilan tayyorlangan. Ular qaysi davlat fuqarolari ekani haqida ma’lumot berilmagan.
Ukrainalik kuratorning ko‘rsatmasi bo‘yicha harakat qilgan chet el fuqarolari neft-kimyo sanoati korxonalaridan birida diversiya-terror aktini amalga oshirish uchun yashirin joydan qo‘lbola portlovchi qurilmalar o‘rnatilgan FPV dronlarini olgan. Ular hibsga olinish paytida qurolli qarshilik ko‘rsatgan va javob o‘qlari bilan zararsizlantirilgan, dedi FXX.
Hodisa joyida xorijda ishlab chiqarilgan jangovar qismlari bo‘lgan ikkita dron, Kalashnikov avtomati va Makarov to‘pponchasi aniqlangan va musodara qilingan.
Jinoyatchilarning telefonlarida diversiya-terror harakati tayyorlanayotganidan dalolat beruvchi kurator bilan yozishmalar, shuningdek, qurol va o‘qlash vositalarini saqlash joyining koordinatalari aniqlangan, deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan Federal xavfsizlik xizmatining Nijniy Novgorod viloyati bo‘yicha tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Zarur tezkor-qidiruv tadbirlari va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)