Munosib turmushning asosiy shartlaridan biri — yaxshi haq to‘lanadigan doimiy ish joyiga ega bo‘lish. Mamlakatimizda yangi ish o‘rinlari yaratishga qay darajada e’tibor berilmoqda? Yaratilayotgan ish o‘rinlari sifat va miqdor jihatdan ehtiyojlarimizga javob beradimi?
“Daryo” muxbiri tarix fanlari doktori, professor Anvar Yo‘ldoshevga bandlik sohasiga doir qator savollar bilan murojaat qildi.
— Anvar aka, bugungi kunda “o‘zini-o‘zi band qilganlar”, “davlat tomonidan band qilinganlar”, shuningdek, “mavsumiy mehnat o‘rinlari” kabi tushunchalar mavjud. Bularni to‘laqonli ish o‘rinlari deya olamizmi?
— Yo‘q, albatta, ularni to‘laqonli ish o‘rinlari deya olmaymiz, chunki ularda ijtimoiy himoya paketlari mavjud emas. Ya’ni ta’til puli, farzand ko‘rgan ayollar uchun dekret puli, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi, kasaba uyushmasi tomonidan beriladigan yo‘llanmalar va boshqa imtiyozlar yo‘q. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-iyunda qabul qilingan qarorida aholi qaysi sohalarda o‘zini-o‘zi band qilishi mumkinligi, bunday faoliyat turi uchun qancha soliq to‘lanishi belgilangan bo‘lsa-da, ijtimoiy himoya masalalari aks etmagan. Qonun chiqaruvchi organlarimiz bu masala ustida ishlashi kerak. Umuman, bandlik bo‘yicha boshqa muammolar ham bor. O‘zbekiston aholisi 37,5 millionga yetdi. Shundan 56,5 foizi, ya’ni 21 millioni mehnatga layoqatli yoshdagi aholi. 32 foizi bolalar. 11 foizi esa keksalar. Mehnatga layoqatli aholimizning 14,5 millioni ish bilan ta’minlangan. Lekin qolganlari...
Bu hali hammasi emas. O‘sha 14,5 million aholining hammasi ham yuqorida aytilganidek ijtimoiy paketga ega ish o‘rinlarida mehnat qilmaydi. Mehnatga layoqatli aholining 45 foizi yashirin iqtisodiyotda ishlayapti. Taqqoslash uchun aytadigan bo‘lsak, Rossiyada bu raqam 33 foizni, Qozog‘istonda esa 18 foizni tashkil etadi. Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, 2,5 million aholimiz o‘zini-o‘zi band qilgan hisoblanadi. Shulardan uch mingga yaqini bir yilda yuz million so‘mgacha, yana ikki mingga yaqini yuz milliondan ko‘proq, ikki yuz nafari esa bir milliard va undan yuqoriroq daromad oladi. Hammasini qo‘shsak, taxminan 5200 nafar bo‘ladi.
Ammo o‘zini-o‘zi band qilgan 2,5 million aholimizning qolgan katta qismi bunday foyda ko‘rolmaydi. Ustiga-ustak, ular ijtimoiy himoya paketlariga ham ega emas. Mana shu masala bugungi kunda rahbariyatimiz, hukumatimiz, Parlamentimizning e’tiborida bo‘lishi va hal qilinishi kerak bo‘lgan dolzarb vazifalardan biridir.
— 2023-24-o‘quv yilida 414 ming o‘g‘il-qiz umumta’lim maktablarini, 220 mingdan ortiq yigit-qizlar oliy ta’lim muassasalarini bitirdi. Ko‘rinib turibdiki, yangi ish o‘rinlari yaratishga ehtiyoj juda kuchli va yil sayin oshib bormoqda. Hukumat bu ehtiyojni qanchalik qondira olyapti?
— 2024 yil dekabr holatiga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarini bitirganlarning 113 856 nafari o‘z ish joyiga ega bo‘lgan. Ammo 80 560 nafari ish bilan ta’minlanmagan. Ularning taqdiri hammamizni qiziqtirishi kerak. Bundan tashqari, professional ta’limni tamomlagan 113 856 nafar farzandlarimiz ish bilan ta’minlangan-u, ammo 74,5 ming nafari ishsiz. Maktab bitiruvchilariga kelsak: o‘tgan yili 411 671 nafar o‘g‘il-qiz maktabni bitirdi.
Ammo shulardan faqat 228 ming nafari ish bilan ta’minlandi. 183 ming nafari hali ham ish topa olmagan. Bu jamiyatimiz oldida turgan muammolardan biridir. Shuningdek, o‘tgan yili harbiy xizmatni tugatgan 24575 nafar yurtdoshimizdan deyarli 3 ming nafari ish bilan ta’minlanmagan.
— Anvar aka, institutlarga, universitetlarga talaba qabul qilayotganda qanday talablardan kelib chiqiladi? Ko‘proq aholimiz oliy ma’lumotli bo‘lishi kerak degan mezondanmi yoki har bir bitiruvchi kafolatlangan ish o‘rniga ega bo‘lishi kerak, degan mezondanmi?
— Ilgari har bir institutda buyurtmalar portfeli mavjud bo‘lgan. Misol uchun, pedagogika yo‘nalishidagi OTMlari qaysi fanlar bo‘yicha qancha o‘qituvchi kerakligidan kelib chiqib o‘rin ajratar edi. O‘qishga bir yilda ellik sakkiz mingga yetar-yetmas odam qabul qilingan. 2017-yildan boshlab kvotalarni oshirish boshlandi. Yangi OTMlari ochildi, xususiy universitetlar soni ortdi, qamrov kengaydi. Bitiruvchilarning hammasi ham ish bilan ta’minlanmayotganiga e’tiroz bildirish mumkin, ammo oliy ma’lumotga ega bo‘lganlar soni qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi.
Misol sifatida aytishim mumkinki, Ispaniyada ham oliy ma’lumotlilar o‘rtasida ishsizlik juda kuchli. Ammo Ispaniyada vaziyat shunday ekan deb qo‘l qovushtirib o‘tirish yaramaydi. Bitiruvchilarning har biri ish bilan ta’minlanishi shart! Vaziyatdan chiqishning choralaridan biri sifatida qonuniy migratsiya masalasini hal etish lozim. Bu butun dunyoda qo‘llanadigan amaliyot. Albatta, bu masalada faqatgina Rossiyaga qarab qolmasdan, tizimni diversifikatsiya qilish orqali geografiyani kengaytirish kerak.
Bugungi kunda O‘zbekiston Hukumati yigirmadan ortiq davlatlar bilan tashqi migratsiya bo‘yicha turli xil kelishuvlarga erishyapti. Modomiki, hozircha bitiruvchilarga o‘zimizda ish topib berolmayotgan ekanmiz, xorijda ish bilan ta’minlashning yomon joyi yo‘q. Butun dunyoda ellik besh-oltmish million aholi doimiy migratsiyada yuradi. Asosiysi, jarayon qonuniy bo‘lishi kerak.
— Migratsiya masalasini ko‘tardingiz. O‘zbekistonda ish topolmagan yoki ish topsa ham maoshidan qoniqmagan ko‘plab yurtdoshlarimiz xorijda mehnat qilishmoqda. Ularning katta qismi hali ham Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Lekin, keyingi paytlarda Rossiyada migratsiya siyosati juda keskinlashdi. Migrantlarni bir necha sohalarda ishlash taqiqlandi. Bundan tashqari, rus tilini bilmaydigan bolalar maktabga qabul qilinmaydi. Bu qadar qat’iylashayotgan migratsiya siyosati ertami-kechmi yuz minglab, ehtimol millionlab yurtdoshlarimizni yana O‘zbekistonga qaytib kelishga majbur qiladi. Bu ijtimoiy muammolarni kelib chiqarmaydimi? Axir ularning hammasini ham Yevropaga yoki Yaponiyaga ishga jo‘natishning imkoni yo‘q-ku.
— Birinchisi, tashkillashtirilgan migratsiyani qonuniylashtirish va kengaytirish kerak. Buning uchun chet elga mehnat qilish uchun ketayotgan aholiga o‘sha mamlakatning tili, qonunlari va urf-odatlari O‘zbekistonning o‘zida o‘rgatilishi lozim. Masalan, Germaniya ellik ming ish o‘rniga kvota ajratdi, lekin har bir da’vogar nemis tilini bilishi kerak degan shart qo‘ydi. Rossiya ham shuni talab qilyapti. Agar yurtdoshlarimiz chetda mehnat qilishiga to‘g‘ri kelayotgan ekan, shu talablarni bajarish kerak.
Boshqa tarafdan, Rossiya migrantlarsiz yashay olmaydi. Rossiyaga o‘n besh million migrant kerak. Ishchi kuchiga ehtiyoj yuqori. Hozir u yerda migrantlarning umumiy soni yetti-sakkiz milliondan ortiq emas. Ko‘pchilik mamlakatni tark etdi. Oqibatda Rossiyada qishloq xo‘jaligi, qurilish, kommunal sohalar oqsab qoldi. Rossiya hukumati migratsiyaga qarshi emasligini, ammo u qonuniy bo‘lishini xohlayapti.
Shu mavzudagi oldingi suhbatlarimizdan birida O‘zbekiston IIV Rossiya IIV bilan migrantlar o‘rtasidagi jinoyatchilikning oldini olish, ularning huquqlarini ta’minlash masalasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi kerak, degan fikr bildirgan edik. Hozir shu g‘oya amalga oshmoqda. O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari Rossiyaga xizmat safariga yuborilmoqda. Rossiyaliklar mehnat muhojirlariga qanchalik ehtiyoj sezsa, biz ham u yerga migrantlarni jo‘natishdan shunchalik manfaatdormiz. Chunki buning ortidan katta mablag‘ kelyapti.
O‘zbekistonda 2018-2023-yillarda aholi daromadining 16 foizi migrantlar ulushiga to‘g‘ri kelgan. Chet ellarda ishlayotgan yurtdoshlarimiz har yili O‘zbekistonga o‘n ikki-o‘n besh milliard dollar jo‘natadi. Bu Markaziy bank ma’lumotlari. Bu ko‘rsatkichda Rossiyaning ulushi yildan-yilga pasaymoqda. 2022-yilda jami jo‘natmalarning 87 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2023-yilda 77 foizga tushdi. Janubiy Koreya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Polsha, Britaniyadan yuborilayotgan mablag‘lar miqdori esa ortmoqda.
To‘g‘ri, hozircha Rossiya baribir yetakchilik qilmoqda. Masalan, Rossiyadan 10 milliard dollar yuborilgan bo‘lsa, Qozog‘istondan 600 million, Polshadan 40-50 million atrofida. Farq katta, ammo yuqorida aytilganidek, boshqa davlatlarning ulushi ortayotgani ijobiy holat.
— Ijtimoiy islohotlardan ko‘zlangan maqsadlardan biri kambag‘allikni qisqartirish. Bu borada katta tajriba to‘plagan davlatlar ko‘p, misol uchun Singapur qisqa vaqtda uchinchi dunyodan birinchi dunyo mamlakatiga aylandi. Xitoy yuz millionlab aholini kambag‘allik darajasidan chiqardi. Biz bu davlatlardan nimalarni o‘rganishimiz mumkin?
— Xitoy 1978-yildan 2020-yilgacha aholining 90 foizdan ko‘prog‘ini kambag‘allik darajasidan chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. Xitoy qishloq xo‘jaligiga asoslangan davlat edi. Yangi iqtisodiy siyosat orqali shunday natijaga erishdi. Biz Xitoydan ko‘p narsani o‘rganishimiz mumkin: qishloq xo‘jaligi qay tarzda oyoqqa turg‘izildi, urbanizatsiya qanday rivojlandi, sanoatlashish nimaning hisobiga yuz berdi va natijada kambag‘allik keskin pasaydi – O‘zbekiston hukumati bu islohotlarni faol o‘rganmoqda.
Singapur ham oltmishinchi yillarda eng qashshoq, korrupsiya botqog‘iga botgan davlatlardan biri edi. Oradan qisqa vaqt o‘tib, Li Kuan Yu boshchiligida eng boy davlatlar qatoriga ko‘tarildi. Yalpi ichki mahsulot kishi boshiga to‘qson ming dollardan yuqori. Germaniya misolida gapiradigan bo‘lsak, Ikkinchi jahon urushidan keyin uni kim qayta qurdi? Turkiyalik mehnat muhojirlari. Buning uchun turk va nemis hukumati vakillari har bir ishchi aynan qayerda mehnat qiladi, qancha maosh oladi, qachon vataniga qaytib ketadi – hammasini oldindan kelishib olishgan. Ya’ni qonuniy migratsiya tashkil etilgan. Ochig‘ini aytaylik, bizning ayrim yurtdoshlarimiz Rossiyaga borgandan keyin bir oz vaqt o‘tib barcha tanish-bilishlarini chaqirib oladi. Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning to‘rtdan uch qismi qonuniy maqomga ega emas desak, mubolag‘a bo‘lmasa kerak...
Biz urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirishimiz kerak. Katta shaharlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, ular yon-atrofdagi qishloqlar, tumanlar aholisini ham ish bilan ta’minlash imkonini beradi. Shuningdek, sanoatni rivojlantirish talab etiladi. O‘zbekistonda har yili 20 million tonnadan ko‘proq qishloq xo‘jalik mahsuloti yetishtiriladi. Lekin shundan 2 million tonnasini ham eksport qila olmaymiz.
Bordi-yu eksport qilsak ham tayyor mahsulot ko‘rinishida emas, xom ashyo sifatida sotamiz. Qayta ishlash yo‘lga qo‘yilsa ozmuncha odam ish o‘rniga ega bo‘ladimi? Nima uchun paxtani tayyor mahsulot ko‘rinishida emas, tola sifatida sotishimiz kerak? Bangladesh O‘zbekistondan 600 ming tonna tola sotib oladi. Bundan oladigan foydamiz bir milliard dollarga ham bormaydi. Bangladeshning o‘zi esa o‘sha tolani qayta ishlash hisobiga 10 milliard dollardan ko‘proq foyda topadi. Vaholanki, Bangladesh dunyodagi eng qashshoq davlatlardan biri.
— Mutaxassislar ish o‘rinlarini ko‘paytirishning samarali usuli sifatida multiplikativ effekt beradigan murakkab sanoatni rivojlantirishni tavsiya etishadi. Misol uchun, avtomobil sanoati. Avtomobil ishlab chiqarish rivojlansa, ehtiyot qismlar tayyorlaydigan korxonalar soni ortadi...
— Toshkentda Chkalov nomidagi aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi (“TAPOiCh”) bor edi. Shu zavodda o‘ttiz ming odam mehnat qilgan. Eng asosiysi, yana ikki mingta zavoddan turli ehtiyot qismlar olar edi. Bitta zavod jami qancha odamni ish bilan ta’minlashi mumkinligini ko‘ryapsizmi? O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarni qachon o‘zimizniki deb ayta olamiz? Qachonki lokalizatsiya darajasi 60 foizdan oshsa.
Buning uchun Xitoydan, Koreyadan olib kelinayotgan ehtiyot qismlarning O‘zbekistonning o‘zida, turli viloyatlardagi mavjud yoki yangi quriladigan zavodlarda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kerak. Shunda “bu avtomobil O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” deya olamiz. Bugun lokalizatsiya jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshirilyapti.
Avtomashinangiz uchun biron ehtiyot qism xarid qilish maqsadida do‘konga borsangiz, O‘zbekistonda, Xitoyda va Koreyada ishlab chiqarilgan namunalari terib qo‘yilgan bo‘ladi. Qimmatroq bo‘lsa ham Koreyada tayyorlanganini sotib olasiz. Chunki sifatiga kafolat bor. Demak o‘zimiz ham sifatli detallar tayyorlashni o‘rganishimiz kerak, shunda sanoat ham rivojlanadi, aholi daromadi ham ortadi.
— Xabaringiz bor, 2025-yildan boshlab, O‘zbekistonda qashshoqlikni aniqlashning yangi mezonlari joriy etilmoqda. Ilgari ma’lum bir oilaning qancha daromad topayotgani va qancha mahsulot iste’mol qilayotgani hisoblangan bo‘lsa, endi ta’lim, tibbiy xizmat va boshqa kundalik ehtiyojlar ham qamrab olinadi. Umuman olganda, katta tabiiy boyliklarga ega bo‘lgan, G‘arb va Sharq chorrahasida joylashgan mamlakatda kambag‘al aholi bo‘lishini qanday izohlagan bo‘lar edingiz?
— Arab mamlakatlarida, jumladan Saudiya Arabistoni, BAAda qazilma boyliklardan olinadigan foydadan aholiga ulush beriladi. Bir paytlar Liviyada ham shunday tajriba bor edi. Adashmasam, bir-ikki yil oldin Qozog‘istonda shunga o‘xshash qaror qabul qilindi — har bir tug‘ilgan bolaga yerosti boyliklaridan kelib tushadigan mablag‘dan ulush berish.
Savol paydo bo‘ladi: O‘zbekistonda yerosti qazilma boyliklari yo‘qmi yoki bizda chaqaloqlar tug‘ilmayaptimi?.. Qazilma boyliklar avvalo, xalqqa tegishli. Davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ham xalqning o‘zi. Demak, tabiiy boyliklardan fuqarolarga ulush berilishi kerak. Deylik, yangi tug‘ilgan chaqaloqqa to u 18 yoshga to‘lgunga qadar ulush berib borilsa, voyaga yetgandan keyin u o‘sha pulni ta’lim olishga yoki uy xarid qilishga sarflashi mumkin.
Ya’ni voyaga yetib, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan o‘g‘il-qizlarimizning o‘zida ham ishonch paydo bo‘ladi. “Poydevor bor, binoni o‘zim ko‘taraman” degan motivatsiya shakllanadi. Yaxshi niyat — yarim davlat, deydilar...
Izoh (0)