Toshkent shahrining Uchtepa tumanida 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi Telegram kanal reklamasini devor va ustunlarga yopishtirib yurgan vaqtida ushlandi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tkazilgan surishtiruvlarda haqiqatanam giyohvandlik moddalari tarqatilishi aniqlangan. Fuqaro bilan suhbatlashilganda har bir reklamasi uchun 2 ming so‘mdan pul olayotgani maʼlum bo‘ldi.
“Bu ishni boshlaganimga 4 kun bo‘ldi. To‘rtinchi kuni IIB xodimlari meni ushlab olishdi. QR kod orqali kirilsa, bu giyohvandlik vositalari savdosi kanali ekanligini tushuntirishdi. Bu ishni bilib-bilmasdan qilib qo‘ymoqdamiz”, deydi ayblanuvchi.
Ushbu holat jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudida ko‘rib chiqildi va fuqaro MJtKning 56-prim 4-moddasi (giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) asosan aybli deb topildi.
Fuqaroga nisbatan BHMning 100 baravari (37,5 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llanildi.
Giyohvand moddalar savdosi:
Mart oyi o‘rtalarida DXX Chegara qo‘shinlari va Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida katta miqdordagi narkotik moddalarning o‘zbek—qirg‘iz davlat chegarasidan noqonuniy o‘tkazilgan holati aniqlangandi.
Shuningdek, Navoiy viloyatida narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh qo‘lga olingani, Toshkentda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan talabalar ushlangani, Samarqanddagi tungi klubda 10 ming AQSH dollari evaziga giyohvand modda sotishga uringanlar qo‘lga tushgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Aprel oyi oxirida Toshkent viloyatida narkokuryerlik bilan shug‘ullangan kollej talabasi ushlangandi.
Oktyabr oyining 10 kuni davomida giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan (“zakladka”) tarqatgan va shunday noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan 32 nafar shaxs ushlangan.
Izoh (0)