So‘nggi haftalarda “Manchester Siti” safida o‘zbekistonlik yosh himoyachi Abduqodir Husanovning asosiy tarkibda ko‘rinmay qolishi muxlislar orasida turli savollarni yuzaga keltirdi. Ijara, transfer, murabbiy bilan kelishmovchilik kabi taxminlar tarqaldi. Holatga oydinlik kiritish maqsadida taniqli sport sharhlovchisi Davron Fayziyev futbolchining yaqinlari bilan bog‘lanib, vaziyatga aniqlik kiritdi.

Fayziyevning aytishicha, Husanovning tarkibdan chetda qolishi ortida hech qanday salbiy sabab yo‘q. Aksincha, murabbiy Pep Gvardiola mashg‘ulotlarda unga doimiy e’tibor qaratadi, taktik ko‘rsatmalar beradi va unga hali ham to‘liq ishonch bildiradi. Husanovning jismoniy holati ham yaxshi, hech qanday pasayish kuzatilmagan.
Bosh sabablardan biri — kuchli ichki raqobat. Ketma-ket o‘yinlarda gol va assistlar qayd etgan yosh himoyachi O’Rayli chap qanotda o‘z o‘rnini mustahkamlab oldi. Natijada Gvardiola Yoshko Gvardiolni markazga, Ruben Diasni esa markaziy o‘ng himoyaga o‘tkazdi. Bu taktik o‘zgarishlardan so‘ng jamoa ketma-ket g‘alabalarga erishdi. Shunday paytda, ayniqsa himoya chizig‘ida, murabbiylar odatda o‘zgarish qilmaydi — ayni paytda “Siti”ning har bir ochkosi Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Abduqodirda hali imkon bo‘ladi, ishonch bor. Uning o‘zi ham pozitiv ruhda, faqat o‘z imkonini kutmoqda. Faqat ishonchli manbalarga e’tibor bering, deydi Fayziyev.
Ma’lumot uchun, avvalroq “shaharliklar” rahbariyati futbolchini ijaraga berishga tayyor ekanligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
Shuningdek, Italiyaning “Yuventus” klubi o‘zbekistonlik himoyachini o‘z safiga qo‘shib olishga tayyor ekanligi aytilmoqda.
Izoh (0)