Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov shahar-tuman hokimlarining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlarining “yegani oldida, yemagani ortida” ekanini aytib, oyligini halollab olmayotganidan nolidi. Bu haqda Andijon viloyati hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 22-aprel kuni Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov Bobur shahrida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqarolar, turli muammo va qiyinchiliklarga uchrayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Muloqot davomida Shuhrat Abdurahmonov shahar va tuman hokimlarining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari faoliyatini tanqid qilib, “yegani oldida, yemagani ortida” bo‘lgan mutasaddilar natija ko‘rsatolmayotganidan noroziligini bildirgan.
“Investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarga nima qilding uch yilda, deyapman. Hech vaqo qilmagan. Vaholanki, oyma-oy oyligini olyapti. Yana aytyapman, hurmatli prezidentimiz sharoitini qilib bergan, uylari, mashinasi bor. Hamma narsa bor. Yegani oldida, yemagani ketida. Xohlagan davlatga davlat hisobidan borishi mumkin. Faqat natija bo‘lishi kerak. Quruq sayyoh bo‘lib borishi kerak emas u yerga”, dedi Andijon viloyati hokimi.
Hokim andijonlik yigitlar Xitoyda turib, investor yuborayotganini aytarkan, shu yerda ishlayotgan o‘rinbosarlar hech nimaga foydasi tegmayotganini, oyligini halollab olmayotganini qayd etgan.
“Men nimaga bu gapni gapiryapman, chunki Xitoyda ikki-uchta o‘n-o‘n besh yillab yurgan andijonlik yoshlarni ko‘rganman. Ular hozir Xitoyda mening vakilim bo‘lib yurishibdi.
Investitsiya bo‘yicha o‘rinbosar bo‘lib, bir so‘mlik jamiyatga, Andijonga foydasi tegmaydigan oylik olib o‘tirganlar bor. Bir so‘mlik foydasi yo‘q. Lekin u davlatda turib Andijon uchun investorlarni shunday jalb qilib berayotgan yigitlar bor. Qobiliyati, muomala madaniyati ham bor, tilni ham biladi. Davlatlarni va investorlarni jalb qilishni ham biladi. Ular u yoqda yuribdi, bu yerda esa na jamiyatga, na yurtga, na Andijonga, na boshqaga foydasi tegayotgan lavozimda o‘tirishibdi. Oyligini ham halollamasdan”, dedi hokim.
Ta’kidlanishicha, Andijon viloyati hokimi o‘rinbosarlarga o‘z hududi kesimida investorlar va tadbirkorlarni topish uchun o‘n kun muddat bergan. Shuningdek, til biladigan, diplomatiyadan xabari bor yigit-qizlarni ishga taklif qilgan.
“Bugun men andijonliklarga, shijoatli yoshlarga, andijonlik bo‘lib chet davlatlarda o‘qib, ishlab yurgan fuqarolarga murojaat qilmoqchiman. Viloyatdagi barcha shahar va tuman hokimlarining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlik lavozimiga tanlov e’lon qilaman.
O‘qimishli, til biladigan, diplomatiyadan oz bo‘lsada xabari bor, investor jalb qilish, investitsiya olib kirishda malakasi bo‘lgan andijonlik yigit-qizlarni ishga qabul qilaman. Marhamat, murojaat qilinglar, hamkorlik qilishga tayyorman”, dedi Shuhrat Abdurahmonov.
Izoh (0)