AQSH Mudofaa vazirligi ma’lumotlari sizib chiqishi bilan bog‘liq yana bir mojaro yuz berdi. Bu safar Pentagon rahbari rafiqasi va ukasi bo‘lgan chatda husiylarga zarba berishni muhokama qildi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.
-ltLRLUzY.avif)
Manbalarga ko‘ra, mudofaa vaziri Pit Xegset uning rafiqasi, ukasi va shaxsiy advokati bo‘lgan yopiq guruh chatida Yamanga bo‘lajak zarbalar haqida batafsil ma’lumot bergan. Muhokamalar 15-mart kuni Signal messenjerida olib borilgan.
Xegset husiylarga zarba berayotgan F/A-18 Hornet qiruvchi samolyotlarining parvozlar jadvalini yuborgan. Bu avvalroq vazirning adashib The Atlantic jurnalisti bor guruhga yuborgan ma’lumoti bilan bir xil.
Vazirning rafiqasi Jenifer Fox News telekanali sobiq prodyuseri hisoblanadi. U Mudofaa vazirligi xodimi bo‘lmasa-da, eri bilan bir necha bor xorijga sayohat qilgan. Shuningdek, chet el rahbarlari bilan maxfiy uchrashuvlarga birga borgan, buning uchun er-xotin tanqidga uchragan.
Xegsetning ukasi Fil va shaxsiy advokati Tim Parlatore esa Pentagonda ishlaydi. Biroq ularning nega Yamandagi husiylarga bo‘lajak zarbalardan xabardor bo‘lishi kerakligi tushunarsiz, deya ta’kidlaydi nashr.
Chat Xegset tomonidan uning shaxsiy raqamidan yaratilgan. Ushbu chatda Xegsetning rafiqasi, ukasi va advokatidan tashqari, uning shaxsiy yoki professional doirasidan yana 10 dan ortiq odam bor. Xegset bu odamlarning barchasi bilan vazir lavozimiga tayinlanishidan oldin tanish bo‘lgan, deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan hozircha rasmiy izoh berilmagan. Bu AQSH mudofaa vazirining maxfiy ma’lumotlardan ehtiyotsizlik bilan foydalanishiga oid ikkinchi holat. Mart oyi oxirida AQSH prezidenti ma’muriyati tasodifan Atlantic nashri muharririni onlayn-chatga qo‘shib qo‘ygandi. Mazkur chatda AQSH mudofaa vaziri va boshqa yetakchi amaldorlar Yamandagi husiylarga qarshi maxfiy zarbalarni muhokama qilgan.
Shundan so‘ng demokratlar mudofaa vaziri va prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisini iste’foga chiqishga chaqirgan. Oqibatda hodisa uchun javobgarlikni Trampning xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts o‘z zimmasiga olgan.
Men bu guruhni yaratdim va hamma narsa muvofiqlashtirilganiga ishonch hosil qilishim kerak edi, degan u.
Izoh (0)