Dubay shokoladining ommalashishi dunyo bo‘ylab pista tanqisligiga va narxi oshishiga olib keldi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Pista mag‘zining narxi bir yil ichida bir funt uchun 7,65 dollardan 10,30 dollargacha ko‘tarildi. Bir funt taxminan 0.45 kilogrammga teng. AQSHda o‘tgan yilgi hosil yomon bo‘lgani sababli pista allaqachon tanqis bo‘la boshlagandi. AQSH — dunyodagi eng yirik eksportchi hisoblanadi. Garchi o‘tgan yilgi hosil odatdagidan kam bo‘lgan bo‘lsa-da, uning sifati yuqori bo‘lgan. Shu sababli yong‘oqlar asosan po‘chog‘i bilan butun holda sotilgan. Natijada shokolad tayyorlashda ishlatiladigan pista mag‘zi yanada tanqis bo‘lib qolgan.
Dubay shokoladining shov-shuvli mashhurligidan avval bozorda pista taqchilligi yo‘q edi. Ammo yangi shirinlik ommalashgach, ishlab chiqaruvchilar mavjud barcha pista mag‘izlarini sotib olishdi, natijada boshqa xaridorlarga mahsulot yetmay qoldi. Ayni paytda pista olami deyarli tugab bo‘ldi, deydi CG Hacking yong‘oq treyderi vakili Jayls Xaking.
Eron pista yetishtirish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. Eron bojxona xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yarim yil ichida respublika Birlashgan Arab Amirliklariga 12 oy oldingiga nisbatan 40 foizga ko‘proq pista eksport qilgan.
Eron pista ishlab chiqaruvchilar uyushmasi boshqaruv a’zosi Behruz Ogahga ko‘ra, hozirgi pista taqchilligi 2023-yilda pistaga bo‘lgan talabning pastligi oqibatida yuzaga kelgan. O‘shanda pista taklifi xaridorlar qiziqishidan oshib ketgan va bu narxlarning tushishiga olib kelgan.
Bu Dubay shokoladining paydo bo‘lishi va asta-sekin butun dunyoga tarqalishi bilan bir paytga to‘g‘ri keldi, dedi u.
Läderach va Lindt kabi yetakchi shokolad ishlab chiqaruvchilari ham tezda pista qo‘shilgan shokolad mahsulotlarini yaratdi, biroq hozirda xalqaro talabni qondirishda qiynalmoqda. Britaniyaning Prestat Group shokolad ishlab chiqaruvchisi Dubay shokoladi “g‘oyibdan paydo bo‘lgani” va endi uni istalgan do‘kondan topish mumkinligidan shikoyat qildi.
Izoh (0)