So‘nggi yillarda ultra qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlar (Ultra-processed foods, UPFs) ning sog‘liq uchun zararlari haqida ko‘plab tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu mahsulotlar tarkibida turli kimyoviy qo‘shimchalar — konservantlar, ta’m beruvchi modda, emulgatorlar, sun’iy ranglar va lazzat kuchaytiruvchilar mavjud bo‘lib, ular mahsulotning ta’mini yaxshilash, saqlash muddatini uzaytirish va tashqi ko‘rinishini jozibador qilish uchun ishlatiladi. Endilikda olimlar bunday mahsulotlar faqatgina ortiqcha vazn va yallig‘lanish emas, balki miya tuzilishida ham sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘lishini aniqlashdi.

Yaqinda o‘tkazilgan keng qamrovli tadqiqot natijalari bu boradagi xavotirlarni yana bir bor kuchaytirdi. Buyuk Britaniya biobankidagi 33 mingdan ortiq ishtirokchining sog‘lig‘i va ovqatlanish odatlari tahlil qilinar ekan, olimlar ultra qayta ishlangan mahsulotlarni ko‘p iste’mol qiladigan kishilar miyasida muhim o‘zgarishlar yuzaga kelayotganini aniqlashdi.
Xususan, gipotalamus, ya’ni ochlik hissi va moddalar almashinuvini boshqaruvchi miya sohasida hujayralar zichligining ortgani kuzatildi. Bu yallig‘lanish jarayonlarining rivojlanayotganidan dalolat beradi. Boshqa tomondan, motivatsiya va lazzatlanish bilan bog‘liq miya qismlarida hujayralar yaxlitligi pasaygani aniqlangan. Bunday o‘zgarishlar degenerativ jarayonlar yoki miya neyronlari faolligining susayishiga ishora qilishi mumkin.
Tadqiqot natijalari qayta ishlangan mahsulotlarning boshqa zararli ta’sirlarini ham tasdiqlaydi: ularning iste’moli yog‘ miqdorining ortishiga, qondagi shakar darajasining oshishiga va foydali xolesterin darajasining pasayishiga olib keladi.

Tadqiqot hammuallifi, Monreal nevrologiya institutining olimi Filip Moris bu borada shunday deydi:
“Bizni eng hayratlantirgani — miyadagi o‘zgarishlarning naqadar aniq ro‘y berayotgani bo‘ldi. Ular aynan ishtaha tizimini boshqaruvchi sohalarda kuzatilgan. Bu esa ultra qayta ishlangan mahsulotlar odamning xatti-harakatlariga bevosita ta’sir qilib, yana va yana iste’mol qilishga majbur qilishini isbotlaydi. Natijada odam o‘zi sezmagan holda zararli oziq-ovqatlarga qaram bo‘lib qoladi”.
Shunga qaramay, tadqiqot to‘liq amalga oshirilmaganini unutmaslik kerak. Olimlar bu yo‘nalishda uzoq muddatli kuzatuvlar va tajribalar o‘tkazilishi zarurligini ta’kidlamoqda. Shunga qaramay, mavjud ma’lumotlarning o‘ziyoq barchani ogohlantirishi lozim: ultra qayta ishlangan mahsulotlar bizning nafaqat tanamizni, balki ongimizni ham o‘zgartirib yuboradi. Bunday mahsulotlarga bo‘lgan qaramlik sog‘liq uchun xavfli oqibatlarga olib keladi.

Ultraqayta ishlangan mahsulotlarga quyidagilar kiradi:
Tayyor va yengil gazaklar:
- Chipslar;
- Krekerlar;
- Pechenyelar;
- Popkorn.
Ichimliklar:
- Shirin gazli ichimliklar;
- Energetik ichimliklar;
- Aromatizatsiyalangan suvlar;
Tayyor ovqatlar:
- Fastfud (burger, hot-dog, naggetslar);
- Muzlatilgan pishiriqlar (pitssa, pirog);
- Tayyor sho‘rvalar (Rollton).
Shirinliklar:
- Shakarli konfetlar;
- Muzqaymoqlar (sanoat uslubida tayyorlangan);
- Shirin yog‘lar (Nutella).
Go‘sht mahsulotlari:
- Kolbasa, sosiska, (ko‘p miqdorda konservant va tuz bilan ishlangan);
- Muzlatilgan go‘shtli yarim tayyor mahsulotlar.
Nonushta uchun mahsulotlar:
- Aromatizatsiyalangan yormalar;
- Tayyor granola batonchiklari.
Izoh (0)