Millionlab odamlar kunlarini xushbo‘y latte yoki mayin kapuchino bilan boshlaydi. Ammo haqiqatan ham sutli kofe foydalimi yoki bu shunchaki yoqimli, lekin nosog‘lom odatmi buni bilmaydilar. Keling, oltin o‘rtalikni topish uchun bu masalani chuqurroq tahlil qilaylik.
Asosiy masala kofe tarkibidagi taninlar bilan bog‘liq. Ular sutdagi kalsiyni ushlab qolib, uni organizm tomonidan so‘rilishiga to‘sqinlik qilishi mumkin deb hisoblanadi. Haqiqatan ham kalsiyning bir qismi odatdagidek yaxshi so‘rilmasligi mumkin. Ammo bu sevimli qahvangizni ichib, kalsiyning hech qanday foydasini ko‘rmaysiz, degani emas.

Tashvishga hojat yo‘q
Sut — ratsionimizdagi kalsiyning yagona manbayi emas. Qattiq pishloq, sardina, loviya va yashil sabzavotlar ham bu muhim elementga boydir. Xilma-xil va muvozanatli taomlanish esa sutli kofe isteʼmol qilishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kalsiy yo‘qotishlarini qoplashga yordam beradi.
Aslida hammasi juda individual: barcha zarur moddalarni qabul qila oladigan sog‘lom organizm, hatto siz muntazam ravishda sutli kofe ichsangiz ham o‘ziga yetarli miqdorda kalsiyni so‘rib oladi. Bu yerda ovqatlanishdagi doimiylik va sog‘lom turmush tarzi muhimdir. Eng muhimi meʼyor.
Sutli kofeni kuniga 3-4 finjon isteʼmol qilish sog‘liqqa zarar yetkazmaydi. Asosiysi, meʼyordan oshmaslik va o‘zingizni tiya bilishdir.

Kimlar ayniqsa ehtiyot bo‘lishlari kerak?
Kalsiy yetishmovchiligi va ovqat hazm qilish muammolari bor insonlar hamda homilador ayollar sutli qahvani muntazam isteʼmol qilishdan oldin shifokor bilan maslahatlashishlari kerak. Ehtimol, bu holatlarda qahva ichishni cheklash tavsiya etilishi mumkin.

Qanday qilib sutli qahvani ichib ham foyda olish mumkin?
* Shakar qo‘shmang: shakarda organizmga hech qanday foyda keltirmaydigan “bo‘sh” kaloriya ko‘p. Buning o‘rniga steviya, eritrit yoki shunchaki kofening tabiiy taʼmidan rohatlaning.
* Sutli kofeni kunning birinchi yarmida iching: bu uyqusizlik muammolaridan xalos bo‘lishga yordam beradi. Qahva tarkibidagi kofein moddasi hushyorlikni oshirishi mumkin, shuning uchun uni ertalab yoki kunduzi ichish yaxshiroq.
* Sifatli sutni tanlang: tarkibiga va sutning sifatiga eʼtibor bering. Eng yaxshisi, yog‘ miqdori o‘rtacha bo‘lgan sutdan foydalaning.
* Ovqatdan keyin kofe iching: bu kofeinning so‘rilish tezligini biroz sekinlashtiradi va ovqat hazm qilish tizimiga yukni kamaytiradi.
* Boshqa ichimliklar bilan almashtirib turing: faqat sutli kofe bilan chegaralanmang. Kunlik ratsioningizga suv, giyohli, mevali choylar va boshqa foydali ichimliklarni kiriting.

Xulosa qilib aytganda, sutli kofe organizmga dushman emas, balki shunchaki ong bilan yondashib isteʼmol qilish kerak bo‘lgan ichimlik. Muvozanatli taomlanish, meʼyor va o‘z organizmingizni tinglay bilish bu sevimli sutli qahvangizni sog‘lig‘ingizga zarar yetkazmagan holda ichib zavqlanishga imkon beradigan asosiy tamoyillardandir. Eng muhimi, meʼyorni saqlash va sog‘lig‘ingiz foydasiga tanlov qilishdir.
Izoh (0)