Meksika Vashington noqonuniy migratsiyani to‘xtatish maqsadida umumiy chegara yaqinida yangi harbiy baza qurish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lganidan so‘ng AQSHga diplomatik nota yo‘lladi. Bu haqda Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum ma’lum qildi.

Kundalik matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Meksika prezidenti, bu qaror AQSHning o‘z hududidagi suveren ishi ekanligini tan olgan, biroq u Meksikaga ta’sir ko‘rsatmasligi kerakligini ta’kidlagan.
“Biz ularning mustaqilligini hurmat qilamiz, ammo xavfsizlik sohasida shu paytgacha bo‘lgani kabi muvofiqlashtirish va hamkorlikni kutamiz”, dedi Sheynbaum.
AQSHning yangi harbiy bazasini barpo etishning aniq maqsadi noma’lum bo‘lsa-da, Sheynbaum Meksika migratsiyaning asosiy sabablarini bartaraf etishga intilayotganini va har qanday choralar inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirilishi hamda chegara hududlarida yashovchi jamoalarga zarar yetkazmasligi kerakligini bildirgan.
Prezidentning aytishicha, AQSH qo‘shinlarining bunday joylashtirilishi ilgari ham bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Meksika ikki tomonlama munosabatlarning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Vashington bilan muntazam aloqada bo‘lib turibdi.
Amerika ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, 11-aprel kuni AQSH prezidenti Donald Tramp to‘rtta federal idora rahbarlariga harbiylar AQSH va Meksika chegarasidagi federal yerlardan foydalanishi va ularni o‘z yurisdiksiyasi ostiga olishiga ruxsat berish to‘g‘risidagi memorandumni yuborgan. Shuningdek, D. Tramp ma’muriyati umumiy chegara yaqinida harbiy baza qurish masalasini ham ko‘rib chiqayotgani ma’lum qilinmoqda.
Meksika prezidenti minglab odamlar to‘plangan mitingda so‘zga chiqib, AQSHni o‘zaro hurmat va muloqotni davom ettirishga chaqirgandi.
Izoh (0)