Rossiyada 11 kishini o‘ldirgan qotil Telman Sayfiyev umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan Perm o‘lkasidagi “Oq oqqush” koloniyasiga qarshi sud da’vosi qo‘zg‘atdi. Erkak sifatsiz stomatologik xizmat uchun tovon puli talab qilib, sud jarayonida qisman g‘alaba qozondi. Bu haqda SHOT Telegram kanali xabar bermoqda.

“Sayfiyev sudga murojaat qilib, unga tish protezlash rad etilgani va tishlarini davolash imkoniyati berilmaganini ma’lum qildi. So‘nggi yillarda uning 11 ta tishi olib tashlangan”, deb yozmoqda jurnalistlar.
Mahbusning ta’kidlashicha, uning tishlarini davolash o‘rniga sug‘urib olishgan. Bu holat 20 yil mobaynida 1999-yildan 2019-yilgacha davom etgan.
Sayfiyev koloniya ma’muriyatiga qarshi yana bir da’vo arizasi kiritgan. Uning aytishicha, koloniya xodimlari unga va boshqa mahbuslarga pandemiya paytida niqob taqishni man etgan. Shu bilan birga, uning aniqlik kiritishicha, shu davrda mahkumlar ishlashda davom etishgan.
Sayfiyev ikki da’vodan 600 ming rubl undirmoqchi bo‘lgan, biroq sud talablarni qisman qanoatlantirgan. Koloniyadan 30 ming rubl undirilishi belgilangan.
Perm o‘lkasining Solikamsk shahrida joylashgan 2-sonli maxsus tartibli axloq tuzatish koloniyasi “Oq oqqush” nomi bilan mashhur bo‘lib, Rossiyadagi eng qattiq tartibli qamoqxonalardan biri hisoblanadi. Uning norasmiy nomini qanday olgani noma’lum, biroq ma’muriyat bu nomni qamoqxona bezagida aks ettirgan.
Qamoqxonada o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgan jinoyatchilar jazosini o‘taydi. Ularning ko‘pchiligi umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan mahbuslar hisoblanadi.
Izoh (0)