Amerikaning Fox News telekanali Kiyevni Rossiya shahri deb atadi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi holat yuzasidan uzr so‘rashni va tekshiruv olib borishni talab qildi.

Hodisa Fox News telekanalining butun dunyo bo‘ylab, jumladan, Kiyevdagi sobordan olib borilgan translyatsiyasi vaqtida yuz berdi. Efirda Ukraina pravoslav cherkovining Kiyevdagi monastirida o‘tkazilgan Pasxa marosimlari namoyish etilgan. Shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Patriarx Kirill ishtirok etgan Moskvadagi tadbir ham efirga uzatilgan.
Dastlab, “Pasxa ibodati: Kiyev, Ukraina” deb to‘g‘ri nomlangan. Biroq qisqa tanaffusdan so‘ng ekrandagi matn “Pasxa ibodati: Kiyev, Rossiya” deb o‘zgartirilgan. Keyinchalik mazkur xato tuzatilgan. Biroq Kiyev Rossiya shahri sifatida taxminan 20 daqiqa aks etgan.
Agar bu ataylab qilingan siyosiy bayonot emas, balki xato bo‘lgan bo‘lsa, unda kechirim so‘ralishi va bu xatoni kim qilganini aniqlash uchun tergov o‘tkazilishi kerak, dedi Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Georgiy Tixiy.
Pasxa bayramlari boshqa provokatsiyalarga sabab bo‘ldi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 19-aprel soat 18:00 dan 21-aprel tongi 00:00 gacha Pasxa sulhini e’lon qildi. Biroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy sulhga rioya qilinmaganini aytdi. Xususan, Rossiya FPV dronlaridan foydalanishni ikki barobar oshirgani ta’kidlandi.
Amalda bu vaziyat shuni ko‘rsatadiki, yoki Putin armiyasini to‘liq nazorat qilolmayapti, yoki ular urushni tugatish niyatida emas, faqat ommaviy axborot vositalarida o‘zlariga foydali piar kerakligini ko‘rsatmoqda. Yaxshiyamki, hech bo‘lmaganda havo hujumidan ogohlantirishlar bo‘lmadi, degan Zelenskiy.
Izoh (0)