Olimlar Qohira yaqinidagi Sakkara hududida arxeologik tadqiqotlar olib borayotganda fir’avn Userkafning vorisi qabrini topdi. Bu haqda Misr Turizm va qadimiy yodgorliklar vazirligi xabar berdi.

Arxeologik guruh Qadimgi Misr V sulolasining birinchi hukmdori, fir’avn Userkafning o‘g‘li shahzoda Vaser-if-rening maqbarasini aniqladi, deyiladi xabarda.
Qazish ishlari davomida tadqiqotchilar balandligi 4,5 metr va kengligi 1 metrdan sal oshiqroq bo‘lgan pushti granitdan yasalgan ulkan soxta eshikni topgan. Qadimiy ishlar bo‘yicha oliy kengash bosh kotibi Muhammad Ismoil Xolid ta’kidlashicha, bunday kattalikdagi soxta eshiklar ilgari hech qayerda uchramagan.

Arxeologlar shahzoda maqbarasida fir’avn Joser (III sulola asoschisi), uning rafiqasi va o‘n nafar qizining haykallarini topdi. Tadqiqotlarga ko‘ra, bu haykallar dastlab Joserning pog‘onali piramidasi yaqinidagi bir xonada joylashgan bo‘lgan, keyinchalik esa Vaser-if-re maqbarasiga ko‘chirilgan.



Qohiraning janubida joylashgan Sakkara majmuasi Misrning eng qadimgi nekropollaridan biri bo‘lib, fir’avnlarning I sulolasiga (miloddan avvalgi XXI—XXIX asrlar) tegishli qabrlarni o‘z ichiga oladi. Majmuaning asosiy diqqatga sazovor joyi Misrdagi eng qadimgi hisoblangan Joser piramidasidir.
Izoh (0)