Saudiya Arabistoni maydonlarida o‘tkazilgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati yakunlandi. Finalda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Saudiya Arabistoni jamoasini 2:0 hisobida mag‘lub etib, qit’a chempionligini qo‘lga kiritdi.

Uchrashuv juda dramatik tarzda boshlandi. O‘yin boshida ancha faol harakat qilgan Islombek Ismoilov jamoasi birinchi taymda 9 kishi bo‘lib qoldi. Dastlab, 40-daqiqada Nurbek Sarsenbayevga qizil kartochka ko‘rsatilgan bo‘lsa, 45-daqiqasida Miraziz Abdukarimov ham maydondan chetlatildi.
Ikkinchi taymda O‘zbekiston hisobda oldinga chiqib oldi. Uchrashuv hakami Saudiya Arabistoni darvozasiga penalti belgiladi va uni Muhammad Hakimov aniq amalga oshirib, jamoasining o‘yindagi ilk goliga mualliflik qildi.
Goldan keyin mezbonlar bir qancha hujum uyushtirishga harakat qildi, lekin O‘zbekiston terma jamoasi darvozaboni Ne’matulla Rustamjonov yaqqol gollardan jamoasini saqlab qoldi.
70-daqiqada O‘zbekiston o‘yindagi ikkinchi golini kiritdi. Chap qanotdan hujum uyushtirgan Sadriddin Hasanov bir harakat bilan birga-bir vaziyatga chiqib ketdi va ajoyib tarzda raqib darvozasini ishg‘ol qildi. O‘yinning qolgan daqiqalari ham qizg‘in kurashlar ostida kechdi, biroq darvozalarga boshqa to‘p kiritilmadi.
Shu tariqa O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi barcha raqiblarini yenggan holda Osiyo chempioniga aylanishdi.
U-17 Osiyo chempionati
Final
10-aprel, yakshanba
Saudiya Arabistoni — O‘zbekiston 0:2
Gollar: 0:1 — Muhammad Hakimov (50, penalti), 0:2 — Sadriddin Hasanov (70)
Izoh (0)