Qirg‘izistonda 2019-yil avgust oyida Qo‘ytosh qishlog‘ida sodir bo‘lgan tartibsizliklar bo‘yicha sud bo‘lib o‘tmoqda. Ayblov tomoni sobiq prezident Almazbek Atambayevni 11 yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘radi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining (MXDQ) sobiq xodimi Kanat Sagimbayev uchun 11 yillik qamoq jazosi so‘ralgan. Shuningdek, yana uch nafar ayblanuvchi 10 yildan ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
2019-yil 7-avgust kuni milliy xavfsizlik maxsus kuchlari Atambayevning Qo‘ytoshdagi qarorgohini shturm qilishga uringan. Ertasi kuni Ichki ishlar vazirligi va milliy xavfsizlik xodimlari tomonidan uni qo‘lga olish bo‘yicha yana bir maxsus operatsiya o‘tkazilgan.
Xavfsizlik kuchlari Atambayevni Qo‘ytoshdan olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Tarafdorlar esa xavfsizlik kuchlariga tosh otgan va chiqindilarga o‘t qo‘ygan. Ikki kun davom etgan to‘qnashuvlarda 136 kishi jarohatlangan. Maxsus kuchlarning bir askari o‘q tegishi oqibatida halok bo‘lgan.
Qirg‘izistonning sobiq prezidentiga nisbatan bir nechta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Jumladan, Qo‘ytosh qishlog‘idagi tartibsizliklar, korrupsiya va jinoiy daromadlarni qonuniylashtirish bo‘yicha. Shuningdek, unga Turkiya fuqarolariga noqonuniy pasport berish va 2020-yil oktyabr oyida ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlik ayblovi qo‘yilgan edi, biroq sudlanuvchi oqlangan.
2023-yil boshida Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev koloniyadan chiqqandi. O‘shanda u jurnalistlarga o‘ziga nisbatan barcha jinoiy ishlar “uydirma” ekanini aytgan. Keyinroq sobiq prezident Bishkekdan Dubayga uchib ketgani ma’lum bo‘lgan. Almazbek Atambayev 2011—2017-yillarda Qirg‘iziston prezidenti sifatida faoliyat yuritgan.
Izoh (0)