Keniyaning Nayrobi shahridagi milliy bog‘ yaqinida sher 14 yoshli qizni g‘ajib tashladi. Bu haqda Keniya yovvoyi tabiat xizmatiga tayanib, BBC xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, sher Savannah Ranch mehmonxonasi atrofida qizga tashlangan. Hujum haqida voqeaning guvohi bo‘lgan boshqa bir o‘smir xabar bergan. Halok bo‘lgan qizning jasadi keyinchalik yaqin atrofdan oqib o‘tuvchi Mbagati daryosidan topilgan. Hududda sherni qidirish ishlari davom etmoqda.
Nayrobi milliy bog‘i shahar markazidan atigi 10 kilometr masofada joylashgan bo‘lib, u yerda sherlar, jirafalar, qoplonlar va gepardlar kabi hayvonlar yashaydi. Bog‘ hayvonlarning shaharga chiqib ketishini oldini olish uchun uch tomondan panjara bilan o‘ralgan. Biroq janubiy tomoni esa ochiq bo‘lib, hayvonlarga hududga kirib-chiqish imkonini beradi.
Yuqoridagi holat so‘nggi paytlarda yirtqich hayvonlar bilan yuz bergan yagona vaziyat emas. Jumladan, aprel oyi boshida Misrda yo‘lbars tomoshabinlar ko‘z o‘ngida sirk ijrochisiga tashlanib, uning qo‘lini uzib olgandi. Yo‘lbars metall panjaralar orasidan o‘tkazilgan sirk xodimining qo‘lini vahshiylarcha g‘ajigan.
Jarohatlangan erkak shoshilinch ravishda shifoxonaga olib ketilgan. U to‘rt soatlik jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan, jarrohlar uning qo‘lini asrab qolishga uringan. Ammo jarohatlar juda og‘irligi sababli shifokorlar qo‘lni kesishga qaror qilgan.
Yo‘lbars sirkdagi namoyishlardan chetlatilgan va Qohiraga qayta tayyorgarlikdan o‘tish uchun yuborilgan. Hujum ortidan mahalliy prokurorlar hududdagi barcha sirklarga faoliyatini to‘xtatishni buyurgan edi.
Izoh (0)