Kinematografiya olamida tasvirga olishdan avval bosh va ikkinchi darajali rollarga aktyorlarni tanlash doim murakkab jarayon hisoblanadi. Kasting direktori munosib nomzodni topguncha mingdan ortiq odamni “ko‘rib chiqishi” mumkin. Biroq ko‘pincha rejissyorlar va ssenariy mualliflari kadrda ko‘rishni orzu qilgan ma’lum bir aktyor uchun rollarni maxsus yaratadi.
Uma Turman — “Billni o‘ldirish” filmida Beatriks Kiddo rolida
Rejissyor Kventin Tarantino Uma Turman bilan “Jinoiy asar” filmida ishlagan, unda aktrisа jinoyatchining xotini rolini ijro etgan. Bu rol sabab u “Oskar” mukofotiga nomzod bo‘lgan. Ammo o‘shanda Tarantino yanada kengroq loyihani o‘ylab qo‘ygandi.
U Uma Turman bilan birga, aynan u uchun yozilgan qasos haqidagi film ustida ishlaydi. Tez orada “Billni o‘ldirish” ssenariysi yozildi. Tarantino montajda ba’zi sahnalarni qisqartirishni istamagani uchun prodyuser Xarvi Vaynshteynning maslahati bilan film ikki qismli bo‘ladi.
Film rejissyorning eng mashhur asarlaridan biriga aylanadi. Unda har bir aktyor alohida e’tibor bilan tanlangan va truklar uchun “Matritsa” filmi jang sahnalarining rejissyori Yuen Vu-Ping mas’ul bo‘lgan.
Bill Myurrey — “Tarjima mashaqqati” filmida Bob Xarris rolini ijro etgan
“Tarjima mashaqqati” romantik dramasida Bill Myurreydan boshqa aktyorni tasavvur qilish qiyin. Rejissor Sofiya Koppola e’tirof etganidek, Bob Xarris roli aynan Myurrey uchun yozilgan, biroq faqat ssenariyning o‘zi yetarli bo‘lmagan. Uzoq vaqt davomida Koppola aktyor bilan bog‘lana olmaydi. U o‘sha paytda endigina ish boshlagan rejissyor edi, Myurrey esa jahon miqyosidagi yulduz bo‘lgan.
Koppola Myurrey shunchaki rolni rad etadi deb o‘ylardi. Ammo vaqt o‘tib, u ssenariyni o‘qiydi va ortiqcha savollarsiz Tokioga uchib ketadi, chunki film aynan o‘sha yerda suratga olinayotgandi. Natijada Sofiya Koppola bir necha kun ichida bir-birini sevib, ajrashishga va hayotlarini butunlay o‘zgartirishga ulgurgan erkak va ayol haqida samimiy melodrama yaratadi.
Rayan Gosling — “Barbi” filmdagi Ken
Rejissyor Greta Gervig “Barbi” ssenariysida Ken rolini aynan Rayan Gosling o‘ynashi uchun alohida rol ajratgan. U o‘z taklifini aktyorga elektron pochta orqali yuborgan.
Gosling e’tirof etishicha, Gervigning maktubini o‘qigach, taklifni o‘ylab ko‘rish maqsadida uyining orqa hovlisiga chiqqan. Aynan shu paytda u to‘satdan qizi o‘ynayotgan Ken qo‘g‘irchog‘ini ko‘rib qolgan. Qo‘g‘irchoq ezilgan limon yonida, yuzi bilan loy ichida yotgan ekan. U bu qo‘g‘irchoqning suratini Greta Gervigga yuborib, shunday deb yozgan: “Men sening Kening bo‘laman, chunki bu hikoyani albatta aytib berish kerak”.
Marlon Brando — “Cho‘qintirgan ota” Vito Korleone rolida
“Cho‘qintirgan ota” ssenariysi yozilayotganda Paramount Pictures prodyuserlari Marlon Brandoning mafiya boshlig‘i rolini ijro etishiga qarshi edi. O‘sha paytlarda aktyorning obro‘si suratga olish maydonchalaridagi doimiy mojarolar va u qatnashgan filmlarning past daromadlari tufayli yaxshi emasdi.
Biroq Frensis Ford Koppola va “Cho‘qintirgan ota” asari muallifi Mario Pyuzo Vito Korleone rolini aynan Marlon Brando ijro etishi kerakligini qat’iy talab qiladi. Taklifni olgach, aktyor uzoq o‘ylanmay rozi bo‘ladi va bu rol uning faoliyatidagi eng mashhur rolga aylandi.
Semyuel L. Jekson —“Jinoiy asar” filmidagi Juls Uinnfild rolida
“Jinoiy asar” filmidagi Juls Uinnfild Amerika kinematografiyasining eng ko‘p iqtibos kelitirilgan qahramonlaridan biridir. Aktyor Samuel L. Jekson film suratga olinishidan ancha oldin rejissyor Kventin Tarantino bilan tanish edi. Jekson “Quturgan itlar” filmida rol o‘ynashi kerak edi, ammo filmda unga mos rol topilmaydi. Tarantino aktyorga keyingi filmi “Jinoiy asar”da rol tayyorlab qo‘yganini aytadi.
Jekson kastingga kelganida kasting-menejerlar uni Lorens Fishbern deb o‘ylashadi. Bu aktyorni shunchalik g‘azablantirdiki, u monologini g‘azab bilan o‘qiydi. Aynan shu Samuel L. Jeksonga Tarantinoning jinoiy dramasida Juls Uinnfild rolini olishiga yordam beradi.
Keyt Uinslet — “Ta’tillar almashganda” filmida Ayris Simpkins rolida
2006-yilda suratga olingan “Ta’tillar almshganda” romantik komediyasida Kemeron Dias, Keyt Uinslet, Jek Blek va Jud Lou kabi ko‘plab mashhur yulduzlar rol o‘ynagan. Ma’lum bo‘lishicha, rejissyor Nensi Mayers Amanda, Ayris, Maylz va Grem rollarini to‘rtala aktyor uchun maxsus yozgan ekan.
Tomoshabinlar va tanqidchilarning e’tiborini eng ko‘p jalb etgan narsa Keyt Uinsletning ajoyib ijrosi bo‘ldi. E’tiborli jihati shundaki, filmda Rufus Syuell ismli aktyor ham rol o‘ynagan bo‘lib, Uinslet va u real hayotda ham bir-birlarini yaxshi ko‘rgan.
Izoh (0)