Amerikalik senator Lindsi Grem 72 nafar senat a’zosi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.

Loyihaga ko‘ra, Rossiyadan neft, neft mahsulotlari, tabiiy gaz yoki uran sotib olayotgan mamlakatlardan import qilinadigan mahsulotlarga 500 foizlik bojlar joriy etiladi. Bundan tashqari, loyiha AQSH fuqarolariga Rossiya davlat qarzini sotib olishni taqiqlashni ko‘zda tutadi.
Agentlikning ta’kidlashicha, agar Rossiya rahbariyati Ukrainadagi mojaroni tugatish bo‘yicha “jiddiy muzokaralar”ni boshlamasa, mazkur qonun loyihasi qabul qilinishi mumkin.
“Bu sanksiyalar Senatning nuqtayi nazarini aks ettiradi. Biz asosiy yovuz tomon Rossiya ekanligini ko‘ryapmiz”, - deya ta’kidlaydi Grem.
U sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasini ovozga qo‘yish uchun Vakillar palatasida ham yetarli darajada qo‘llab-quvvatlash mavjudligini qo‘shimcha qildi.
AQSH moliya vaziri Skott Bessent president Donald Tramp dollarning jahon zaxira valyutasi sifatidagi roliga putur yetkazishidan xavotirlanib, amaldagi Amerika sanksiya siyosatini qayta ko‘rib chiqishi bo‘yicha topshiriq bergani xabar berilgandi.
Bessentning so‘zlariga ko‘ra, Amerikaning avvalgi ma’muriyatining Rossiyaga qarshi cheklovlari juda samarasiz bo‘lgan, ularning ta’sirchanligini o‘ndan oltigacha baholash mumkin, yangi ma’muriyat esa ularni o‘ndan o‘ngacha ko‘tarishi mumkin.
Avvalroq, Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha bayonot bergandi. U Ukraina mojarosi hal etilgandan so‘ng cheklovlar bekor qilinishi mumkinligini aytgandi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu masalada aldanib qolmaslikka chaqirdi. Uning fikricha, G‘arbda “Rossiya Federatsiyasining yo‘liga g‘ov bo‘lishni davom ettirish uchun” yana boshqa narsani o‘ylab topishadi.
Vashington 10-yanvar kuni Moskvaga nisbatan yangi cheklovlar joriy etganidan so‘ng, Rossiya neftini olib ketayotgan kamida 65 ta tanker Xitoy, Singapur va Rossiya qirg‘oqlarida to‘xtab qolgandi.
Izoh (0)