Rossiyadagi migrantlar rasmiy ish haqidan ko‘proq pulni xorijga o‘tkazishi taqiqlanishi mumkin. Tegishli taklif “Yangi odamlar” partiyasi deputatlari tomonidan ilgari surildi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.

Partiya yetakchisi Aleksey Nechayev, deputatlar Sardana Avksenteva va Vladimir Plyakin tegishli so‘rovni Markaziy bank rahbari Elvira Nabiullinaga yuborgan. Deputatlar fikricha, amaldagi qonunchilik migrantlarning xorijga yuborayotgan pullari ularning rasmiy daromadlariga mos kelishini nazorat qilish uchun samarali mexanizmga ega emas. Bu esa noqonuniy daromadlarni legallashtirish, soliqlardan qochish va Rossiyadan kapital chiqib ketishiga sharoti yaratmoqda.
Deputatlar bu holat mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, deb hisoblaydi. Agar xorijga o‘tkaziladigan pul belgilangan miqdordan ko‘p bo‘lsa, migrantlar daromadlarini tasdiqlovchi deklaratsiyani taqdim etishi kerak bo‘ladi.
Moliyaviy operatsiyalarning shaffofligini oshirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, soliq tushumlarini ko‘paytirish va iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash uchun migrantlar tomonidan rasman tasdiqlangan ish haqidan ortiq miqdorda xalqaro pul o‘tkazmalarini amalga oshirishni taqiqlashni zarur deb hisoblaymiz, deya ta’kidlanadi hujjatda.
Shuningdek, deputatlar migrantlarning moliyaviy operatsiyalari ustidan nazoratni kuchaytirish va shubhali tranzaksiyalarni aniqlash, oldini olish uchun kredit tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qilmoqda.
Izoh (0)