AQSH armiyasining iste’fodagi zobiti Devid Sleyter Ukrainadagi mojaro bo‘yicha maxfiy ma’lumotlarni onlayn tanishuv ilovasi orqali uzatganini tan oldi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2024-yil mart oyida 64 yoshli Sleyter AQSH hukumati tomonidan onlayn tanishuv platformasida chet ellik shaxsga harbiy xususiyatdagi maxfiy ma’lumotlarni berganlikda ayblangan. Ayblov xulosasiga ko‘ra, u AQSHning Offatt aviabazasidagi strategik qo‘mondonlik kuchlariga biriktirilgan bo‘lib, 2021-yil avgustdan 2022-yil aprelgacha “o‘ta maxfiy” grifi ostidagi ma’lumotlarga kirish huquqiga ega bo‘lgan. Sud hujjatlariga ko‘ra, u “mutlaqo maxfiy” darajasigacha maxfiylashtirilgan Rossiya-Ukraina mojarosi haqidagi brifinglarni tinglagan.
U brifinglarda olgan ma’lumotlarni tanishuv saytidagi suhbatdoshiga yetkazgan. Yozishmalarda ayol ofitserni “mening maxfiy xabarchim” va “mening yashirin agentim”deb atagan. Bir kuni ayol undan “Deyv, umid qilamanki, ertaga NATO Putin uchun juda yoqimli “sovg‘a” tayyorlaydi! Menga aytib berasanmi?”, deya so‘ragan.
Hujjatlarda ofitser ma’lumotlarni oshkor qilgan ayolning shaxsi ko‘rsatilmagan va u Ukraina yoki Rossiya uchun ishlaganmi, yo‘qmi, aytilmagan. Shuningdek, tanishuv platformasining nomi ham keltirilmagan.
“Harbiy havo kuchlarida fuqaro sifatida ishlagan iste’fodagi armiya zobiti xorijiy onlayn tanishuv platformasida maxfiy ma’lumotlarni (Ukraina mojarosi haqida) uzatish maqsadida fitnada ishtirok etganligini tan oldi”, deyiladi agentlik xabarida.
Erkakka nisbatan hukm oktyabr oyida chiqarilishi kutilmoqda.
“Prokurorlar va uning himoyachilari unga besh yil-u o‘n oydan yetti yil-u uch oygacha qamoq jazosini so‘rashmoqda”, deyiladi xabarda.
Izoh (0)