“Shaxsga doir maʼlumotlar to‘g‘risida”gi qonunning 271-moddasi O‘zbekiston iqtisodiyotiga katta miqdorda zarar keltirmoqda. Bu haqda Kotib AI Research amalga oshirgan tahlilda maʼlum qilingan.

Tahlilda Markaziy Osiyo davlatlari orasida haligacha PayPal ishlamayotgan yagona mamlakat O‘zbekiston ekani urg‘ulangan. Bunga sabab sifatida yuqoridagi qonunning 271-moddasi ko‘rsatilgan. Mazkur moddaga asosan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy maʼlumotlari mamlakat hududida saqlanishi shart. Bu degani xalqaro kompaniyalar respublikada faoliyat yuritishi bir necha talablarni bajarishi kerak. Yaʼni ular mamlakat hududida data-markaz qurishi, maxsus aloqa infratuzilmasini yaratishi, mahalliy jamoa va sertifikatlashuvni yo‘lga qo‘yishi zarur. Bu ishlar o‘nlab million dollar xarajat talab qiladi.
“O‘zbekiston bozori hali juda kichik bo‘lgani uchun ko‘p kompaniyalar shunchaki kirmaslikni maʼqul ko‘rmoqda. Bu nafaqat qulaylikni, balki pulni ham yo‘qotish demakdir. PayPal faoliyat yuritmayotgani uchun o‘tgan besh yilda mamlakat kamida 1,8 milliard dollarlik daromadni qo‘ldan boy berdi. Maʼlumotlarni lokal saqlash talabi sabab O‘zbekiston har yili 3,2–4,5 milliard dollar yo‘qotmoqda. Bu yalpi ichki mahsulotning 4–5,7 foizini tashkil etadi. Mazkur tartib ayniqsa, elektron tijorat (e-commerce), banklar, IT, startaplar va fintex kabi sohalarga eng ko‘p zarar keltiryapti”, deyiladi tahlilda.
Kotib AI Research qonundagi bitta nomukammal modda tufayli ko‘plab xalqaro investitsiyalar yo‘qotayotganiga eʼtibor qaratgan. Masalan, PayPal, Stripe, Netflix, Spotify, Amazon Web Services va Microsoft Azure kabi yirik kompaniyalar mamlakat bozoriga kirmayapti. Google Pay va Apple Pay esa to‘liq ishlamaydi.
O‘rganishda qayd etilishicha, birgina modda O‘zbekistonda fintex, IT va startaplar rivojini cheklayapti, elektron to‘lovlar, qator servislarsiz eksport imkoniyatlari kamaymoqda. Sunʼiy intellekt va raqamli xizmatlardagi o‘sish surʼatlari pasaymoqda.
“Xalqaro to‘lov tizimlarisiz yiliga 500–800 million dollar boy berilyapti. Agar raqamli to‘lovlar to‘liq ishlasa, mamlakat yalpi ichiki mahsuloti milliardlab dollarga o‘sishi mumkin”, deyiladi tahlilda.
Xulosa qilinishicha, qonun O‘zbekistonda sunʼiy intellekt (AI) sohasi rivojiga to‘siq bo‘lmoqda. Chunki ko‘plab sunʼiy intellekt texnologiyalari — bulutli serverlar, API va xalqaro platformalarga bog‘langan. Ammo qonun mazkur texnologiyalardan foydalanishga yo‘l bermaydi. Shu bois xalqaro investorlar kelmayapti, startaplar rivojlana olmayapti va raqamli bozor joyida qotib qolgan.
O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotda, bulutli (cloud) texnologiyalarni joriy etish va xalqaro texnologik kompaniyalarni jalb qilishda qo‘shni davlatlardan ancha ortda qolmoqda.
“G‘alati va tushunarsiz qonun”
O‘zbekistonda 2021-yil 28-may kuni “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunni buzgani vaji bilan faoliyati cheklangan Twitter tarmog‘i 2022-yil 1-avgustda blokdan chiqarilgan. TikTok esa 2021-yil 26-iyunda bloklanib, haligacha ochilmadi. Yuqoridagi ayblov bilan Telegram, YouTube, Instagram, Facebook, “Odnoklassniki” faoliyati ham rasman cheklangan, biroq jamoatchilikning keskin noroziligi sabab blokdan chiqarilgan.
O‘sha paytda siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov 271-moddasidagi talabni birorta ijtimoiy tarmoq bajarmagani, lekin shunga qaramay aynan Twitter yoki TikTok blokda qolib ketganiga e’tibor qaratgandi.
“Modda bo‘yicha ko‘rsatilgan bazalarni hech kim olib kelgani yo‘q, olib kelmaydi ham. Chunki texnik jihatdan bu imkonsiz. Aytaylik, faqat o‘zbekistonliklarning butun muloqoti faqat bitta serverda turishining imkoni yo‘q. Ya’ni serverlarni O‘zbekistonga olib kelib bo‘lmaydi. Chunki bir marta serverda tok o‘chadigan bo‘lsa, undagi hamma informatsiya ketadi. Buni texnik va texnologik, huquqiy tomonlari ham bor. Ya’ni ijtimoiy tarmoqqa odamlarni kirishga hech kim majburlamayapti”, – degan mutaxassis.
Oliy Majlis qonunchilik palatasining sobiq deputati Rasul Kusherbayev ham mazkur moddadagi talablarni birorta tarmoq bajarmasa-da, nega ikki xil talqin qilinayotgani, bir necha tarmoqlar ishlab, qolganlari blokda qolayotgani borasida fikrlarini bildirgan.
“Qonunga kiritilgan qo‘shimchani, ya’ni keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarni bloklashga asos bo‘lgan moddani antikonstitutsion deb hisoblaganman va boshqa deputatlarga ham bunga ovoz bermaslik kerak deb aytganman. O‘sha vaqtda har xil ta’sirlarning oqibatida bu qonun o‘tib ketgan” – degan u.
Iqtisodchi Abdulla Abduqodirov O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi chet ellik investorlarning respublikaga bo‘lgan ishonchini so‘ndirishini ta’kidlagan.
“Bizda shaxsiy ma’lumotlar bo‘yicha qonun bor. Afsuski, u Rossiya Federatsiyasidan ko‘chirilgan. Uni jamoatchilik muhokama qilmagan. Berilgan takliflar umuman hisobga olinmagan. U g‘alati va tushunarsiz qonun. Menimcha, uni bekor qilish kerak. Chunki u yerda ko‘rsatilgan normalarning hech qaysi birini o‘zini hurmat qilgan, butun dunyoda faoliyat olib borayotgan ijtimoiy tarmoqlar–aytaylik Facebook, Twitter, TikTok va boshqalar qabul qilmaydi. Chunki O‘zbekistonda 35 million aholi bor. Ularning auditoriyalari bir necha milliard kishini qamrab olgan”, deya fikr bildirgan iqtisodchi.
Umuman olganda, qonun bilan bog‘liq muhokamalar u qabul qilingan kundan beri muhokamada. Ammo qonundagi noto‘g‘ri yoki qo‘shimcha kiritilgan deb aytilayotgan modda o‘zgartirilishi yoki unga qachon to‘liq amal qilinishi noma’lum.
Tahlillarga qaraganda, YouTube platformasining O‘zbekistonda reklama daromadlaridan foydalanish (monetizatsiya) xizmati yoqilishiga ham yuqoridagi modda asosiy to‘siq hisoblanadi. Agar monetizatsiya yoqilsa, mamlakatda mahalliy reklama bozori hajmi sezilarli oshadi. Daromadlar va ish o ‘rinlari ko‘payadi. Masalan, 2024-yilda reklama bozori 2,1 trln so‘mni tashkil etgan. Shundan 29 foizi raqamli reklamaga to‘g‘ri kelgan.
Izoh (0)