Bugun Rossiya dunyodagi yadro qurollariga ega bo‘lgan kam sonli davlatlarning biri hisoblanadi. Yadro qurollarini ishlab chiqarish, ularni saqlash, yadroviy chiqindilarni utilizatsiya qilish mutlaqo maxfiy tutiladigan ishlar hisoblanadi. Shu sababli bugun Rossiyada kirish taqiqlangan maxfiy shaharlar anchagina. Ushbu materialda ular haqida gaplashamiz.
SSSR davrida atom qurollari, ballistik raketalar ishlab chiqariladigan, saqlanadigan, turli yadro tadqiqotlari o‘tkaziladigan aksariyat maxfiy obyektlar Rossiyada joylashgandi. Bunday joylarga hamma ham qo‘yilmaydi, xuddi harbiy qismlarda bo‘lgani kabi faqat maxsus ruxsatnomaga ega kishilar kira oladi.
SSSR parchalanib ketgach, Rossiya yopiq shaharlarning maqomini saqlab qoldi va ularning aksariyati bugun ham maxfiy hisoblanadi. Maxfiy obyektlarning bir qismi shaharcha ko‘rinishida bo‘lib, u yerda turli korxonalarda mehnat qiluvchilar va harbiylar yashashadi.
Quyida Rossiyadagi atom bombalari hamda boshqa xavfli qurollar ishlab chiqariladigan va saqlanadigan eng yopiq shaharlarning bir nechtasi bilan tanishtiramiz.
Severomorsk (Murmansk viloyati)
Severomorsk shahri Rossiya shimoliy-g‘arbida, Kola yarimorolida, Murmansk shahridan 25 km uzoqlikda joylashgan. Barens dengizi qirg‘og‘ida qurilgan bu shaharda 40 ming atrofida aholi yashaydi.
Severomorsk o‘tgan asrning 50-yillarigacha kichik bir qishloq bo‘lgan va Vayenga deb atalgan. 1951-yilda u shahar maqomini olgan va nomi Severomorsk deb o‘zgartirilgan.
Bu shahardagi ilk harbiy obyektlar o‘tgan asrning 30-yillarida paydo bo‘lgan. Avvaliga Vayenga qishlog‘ida harbiy aerodrom va kichik port quriladi. Keyinchalik shaharda yirik harbiy baza tashkil etiladi.
SSSR davrida Severomorsk shahrida atom suvosti kemalari bazasi bo‘lgan. Shuningdek, bu yerda atom bombalarini olib yuruvchi ko‘plab harbiy kemalar saqlanadi. O‘sha paytlarda shaharchaga begonalarning kirishi mutlaqo taqiqlangandi.
Keyinchalik SSSR parchalanib ketgach, Rossiya Mudofaa vazirligi shaharning yopiqlik maqomini saqlab qoldi. Hozirda u yerda Rossiyaning Shimoliy flotiga tegishli asosiy harbiy-dengiz bazasi joylashgan.
Hozirda Severomorskka oddiy odamlar kira olmaydi. Harbiylar yoki bu yerda yashaydiganlar va ularning yaqin qarindoshlari maxsus ruxsatnoma bilan kirishi mumkin.
Jeleznogorsk (Krasnoyarsk o‘lkasi)
Jeleznogorsk shahri Krasnoyarsk o‘lkasida joylashgan bo‘lib, bu shahar 1950-yilda yadro tadqiqotlari o‘tkazish uchun maxsus tashkil etilgan.
Shaharni GULag qamoqxonalarida saqlangan mahbuslar qurib bitkazishgan. Keyinchalik shaharda plutoniy ishlab chiqaradigan zavod barpo etiladi. Shundan so‘ng xalq tilida shahar nomi Atomgrad deb nomlanadi.
1950-yillarning ikkinchi yarmida shahar chetidagi tog‘ ostida maxfiy bunker quriladi. So‘ng unga tushish uchun ichki temiryo‘l tortiladi. Bombapanoh vazifasini ham bajarishga moslashgan bunker yer sathidan 200 metr chuqurlikda joylashgan bo‘lib, u kuchli atom bombasi portlashiga ham bardosh beradi.
Shuningdek, shaharcha ostida bir necha ming tonna oziq-ovqatni saqlash mumkin bo‘lgan omborxona ham quriladi. Omborxona shiftining balandligi 55 metrga yetadi.
1964-yilda Jeleznogorskda nurlangan uranni qayta ishlaydigan yana bir korxona tiklanadi. 1985-yilda Yenisey daryosi ostidan 40 metr chuqurlikda radioaktiv chiqindilarni olib chiqib ketadigan tunnel quriladi.
SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Rossiya Jeleznogorsk shahrining maqomini saqlab qoladi va u yerdagi korxonalardan, omborlardan foydalanishda davom etadi.
Hozirgi kunda shahar mutlaqo yopiq hudud hisoblanadi. U yerga maxsus ruxsatnoma bilan faqat o‘sha yerda xizmat qilayotgan harbiylar, korxonalar xodimlari va shaharcha aholisi kirib chiqishi mumkin. Boshqalarga shaharga kirishga ruxsat berilmaydi.
Sarov (Mordoviya Respublikasi va Nijegorod viloyati)
Sarov shahrining yarmi Mordoviya Respublikasi, qolgan qismi Nijegorod viloyatida joylashgan. Shahar 1954-yilda tashkil topgan. Ungacha, 1946-yilda bu yerda yadro qurollari ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan korxona quriladi.
Sovet davrida shaharning maxfiyligini ta’minlash maqsadida uning nomi bir necha marta o‘zgaradi. Avvaliga uni Sarov deb atashadi. 1954-yilda Kremlyov nomini oladi. 1960-yilda Arzamas-66 deb ataladi. 1966-yildan boshlab Arzamas-16 ga o‘zgartiriladi.
SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Rossiya bu shaharning maxfiylik maqomini saqlab qoladi va u yerdagi korxonalar ishlashda davom etadi. Shuningdek, shahar nomi 1994-yilda yana Kremlyov nomini oladi. 1995-yilda shaharga eski nomi – Sarov qaytariladi.
Hozirgi kunda Sarov shahrida Rossiya federal yadro markazi va Rossiya fizika ilmiy-sinov instituti joylashgan. Bu yerda hamon yadro qurollari ishlab chiqariladi. Shuningdek, Sarovda dunyodagi noyob muzeylardan biri – Yadro qurollari muzeyi joylashgan.
Shaharcha to‘liq yopiq hisoblanadi. Boshqa yopiq shaharlar kabi Sarovga ham u yerda yashovchi va ishlovchilar, shuningdek harbiylar maxsus ruxsatnoma bilan kirib chiqa oladi. Boshqalarning kirishi mumkin emas.
Znamensk (Astraxan viloyati)
Znamensk Astraxan viloyatida joylashgan. Bu shaharda Kapustin Yar deb ataladigan harbiy poligon bor. Kapustin Yar Qozog‘istondagi Boyqo‘ng‘ir kosmodromi qurilguncha SSSRning olis masofalarga uchuvchi raketalarni sinovdan o‘tkazuvchi asosiy poligoni bo‘lgan.
Boyqo‘ng‘irdagi poligon qurilgach, SSSR Kapustin Yardan ham foydalanishda davom etgan. Taniqli yozuvchi Tohir Malik Kapustin Yar yaqinidagi harbiy qismda muddatli xizmatni o‘tagan va asarlaridan birida poligon haqida ham ma’lumot bergan.
Znamenskdagi harbiy shaharcha 1948-yilda qurila boshlangan va 1962-yilda shahar maqomini olgan. Sovet davrida shahar yopiq maqomda bo‘lgan va unga maxsus ruxsatnoma bilan kirib chiqish mumkin bo‘lgan. SSSR parchalanib ketgach, Rossiya uning yopiq maqomini saqlab qoladi.
Znamensk shahri Astraxan viloyatida joylashgan bo‘lsa ham Volgograd shahriga yaqin. Undan Volgogradgacha bo‘lgan masofa 100 km, Astraxangacha esa 350 km.
Mejgoriye (Boshqirdiston)
1978-yilda Janubiy Uralda qo‘riqxona tashkil etish haqida qaror qilinadi. O‘shanda sovetlar qo‘riqxona bahonasida maxfiy harbiy baza tashkil etishadi.
Harbiy baza Boshqirdiston poytaxti Ufa shahridan 200 km uzoqlikda joylashgandi. 1979-yilda harbiy bazada shaharcha tashkil etiladi va unga Mejgoriye deb nom beriladi.
Keyinchalik SSSR parchalanib ketgach, Rossiya maxfiy harbiy baza haqidagi ma’lumotlarni maxfiylikdan chiqaradi. Biroq shaharchaning yopiq maqomi saqlanib qoladi. 1995-yilda Mejgoriyega shahar maqomi beriladi.
Mejgoriyeda harbiy obyektlarning aksariyati yer ostida joylashgan. Jumladan, u yerda uranni boyitish va yadro qurollari ishlab chiqarish korxonalari ham joylashgan.
Shuningdek, Mejgoriyeda juda katta bombapanoh ham bor. Shaharga faqat maxsus ruxsatnoma bilan kirib chiqish mumkin.
Lesnoy (Sverdlovsk 45)
1947-yilda Sverdlovsk viloyatida uranni qayta ishlash zavodi tashkil etiladi. Oradan bir oy o‘tgach, zavod yonida shaharcha qurishga kirishiladi.
Shaharcha va zavodni asosan GULag qamoqxonalarida saqlangan mahbuslar tiklashadi. 1950-yilda zavod qurilishi bitadi va dastlabki mahsulot – uran-235 izotopi ishlab chiqarila boshlanadi.
1951-yilda bu yerda atom bombalari ishlab chiqaradigan yana bir zavod quriladi. Ko‘p o‘tmay shaharchaga Sverdlovsk-45 nomi beriladi.
SSSR parchalanib ketgach Rossiya shaharchaning yopiq maqomini saqlab qoladi. 2006-yilda uning nomi “Lesnoy” deb o‘zgartiriladi. Hozirgi kunda 50 mingdan oshiq odam yashayotgan shaharchaga faqat maxsus ruxsatnoma bilan kirish mumkin.
Ozyorsk (Chelyabinsk viloyati)
1954-yilda Chelyabinsk viloyatida yana bir maxfiy kimyoviy zavod quriladi. So‘ng zavod ishchilari uchun shaharcha tiklanadi. Boshqalari kabi bu shaharchani ham mahbuslar qurib bitkazishadi.
Keyinchalik asosan radioaktiv moddalar ishlab chiqaradigan zavodlar va ularda ishlaydigan ishchilar soni muntazam oshib boradi. Shaharcha yaqinidagi zavodlar umumiy nom bilan “Mayak” kimyo birlashmasi deb ataladi.
Ozyorsk shahri turli ma’lumotlarida 1994-yildan boshlab shahar sifatida ko‘rsatila boshlanadi. Ungacha hatto borligi ham sir tutilgan bu shahar maxfiy hujjatlarda Chelyabinsk-65 nomi bilan atalgan.
1957-yilda “Mayak” birlashmasidagi yadro chiqindilari saqlanadigan yerosti sig‘imida portlash sodir bo‘ladi. Oqibatda minglab ishchilar, zavodlarni qo‘riqlab turgan harbiylar radiatsiya bilan zaharlanishadi.
O‘shanda “Mayak” birlashmasidagi korxonalar vayron bo‘lsa-da, hukumat zavodlarni yopmaydi va odamlar radiatsiya bilan zaharlangan hududlarda ishlashda davom etishadi.
Hozirgi kunda Ozyorsk shahrida 80 ming aholi yashaydi va ular turli maxfiy korxonalarda mehnat qiladi. Shaharga faqat maxsus ruxsatnoma bilan kirib, chiqish mumkin.
Trexgorniy (Chelyabinsk)
Grexgorniy shahri 1952-yilda tashkil topgan. Bu yerda asosan yadro qurollari ishlab chiqariladigan korxonalar joylashgan. Trexgorniyda ilk atom bombasi – RDS-4 “Tatyana” 1955 yilda ishlab chiqarilgan.
Shaharning shartli nomi dastlab Zlatoust-20 bo‘lgan. Keyinroq Zlatoust-36 deb o‘zgartirilgan. SSSR parchalanib ketgandan so‘ng 1993-yilda unga Trexgorniy nomi berilgan.
Hozirgi paytda shaharda 30 mingdan oshiq aholi yashaydi va ularning aksariyati bu yerdagi korxonalarda ishlaydi. Shahardagi asosiy zavodlar hozir ham yadro qurollari ishlab chiqaradi. Trexgorniyga ham maxsus ruxsatnoma bilan kirib, chiqish mumkin.
Vilyuchinsk (Kamchatka)
Vilyuchinsk shahri 1968-yilda tashkil etilgan. 1970-yilgacha uning nomi Sovetskiy, 1994-yilgacha Primorskiy bo‘lgan. 1994-yilda unga Vilyuchinsk nomi berilgan.
Bu shahar sovet davrida yopiq bo‘lmagan. SSSR parchalanib ketgach, 1992-yilda Rossiya shaharni Uzoq Sharqdagi muhim harbiy bazaga, ya’ni yopiq hududga aylantiradi.
Vilyuchinsk harbiy dengiz bazasida asosan turli qurollar bilan jihozlangan atom suvosti kemalari saqlanadi. Hozirgi paytda shaharda 20 mingdan oshiq odam yashaydi. Shaharga faqat maxsus ruxsatnoma bilan kirib chiqish mumkin.
Krasnoznamensk (Moskva viloyati)
Krasnoznamensk shahriga 1950-yilda asos solingan. Shaharning dastlabki nomi Golisino-2 bo‘lgan. 1994-yilda unga Krasnoznamensk deb nom berilgan.
Shahar atrofida uzoq masofalarga uchuvchi ballistik raketalar saqlanadigan maxfiy harbiy baza joylashtirilgan. Shahar aholisi asosan harbiylardan iborat va unga faqat maxsus ruxsatnoma bilan kirib chiqish mumkin.
Krasnoznamensk ilk qurilganda undagi harbiylar yashaydigan uylar yog‘ochdan tiklangan edi. Keyinchalik bu yerda ko‘p qavatli uylar quriladi. Shaharda hozir 40 mingdan oshiqroq odam yashaydi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi
Izoh (0)