Rossiyada yo‘lovchi tashish sohasida band bo‘lgan migrantlar sonini kamaytirish uchun haydovchisiz taksilardan foydalanish taklif etildi. Bu haqda 360.ru xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinga shunday taklif bilan chiqilgan. Tashabbus “Yangi odamlar” partiyasi rahbari Aleksey Nechayev va deputat Anton Tkachevga tegishli. Ularga ko‘ra, Rossiyada taksi sohasining rivojlanishi migrant haydovchilar soni ortishi bilan birga kechmoqda.
Bu haydovchilarning ko‘pchiligi noqonuniy yoki mehnat qonunchiligiga zid ishlaydi. Bu esa yo‘lovchilar xavfsizligi uchun qo‘shimcha xatarlar keltirib chiqaradi, deydi ular.
Yechim sifatida deputatlar haydovchisiz taksilarni joriy etish hududlarini kengaytirishni taklif qilgan.
Moskva, Tatariston va “Sirius”da o‘tkazilgan haydovchisiz taksi tajribasi ijobiy natija berganini hisobga olib, bu sinov hududlarini aynan Moskvada tezroq kengaytirishni va Rossiyaning boshqa shaharlarida bosqichma-bosqich avtonom tashishlarni joriy etishni so‘raymiz, deyiladi murojaatda.
Ma’lumot o‘rnida, 1-iyuldan boshlab Sankt Peterburgda migrantlarga kuryer va taksi haydovchisi sifatida ishlash taqiqlanadi. Patentlar bo‘yicha ishlaydigan migrantlarga quyidagi iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha ishlashni taqiqlash taklif etilmoqda:
- yengil avtomobillarni haydovchilik uchun ijaraga berish va taksi xizmati;
- kuryerlik xizmati;
- turli transport vositalari orqali yetkazib berish xizmati;
- uyga oziq-ovqat yetkazib berish faoliyati;
- boshqa kuryerlik ishlari.
Qaror kuchga kirgan kundan boshlab uch oy ichida yangi talabni bajarish majburiyati yuklanadi.
Izoh (0)