Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi 14 yil ichida ilk bor Suriyaga tashrif buyurib, mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar tiklanganini e’lon qildi. Bu mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Lemmi tashrif davomida Suriya prezidenti Ahmad ash-Shara’a va mamlakat tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboniy bilan uchrashdi. Safar maqsadi sifatida “Suriyaning inklyuziv siyosiy o‘tishining muhimligini” ta’kidlash va Suriya xalqiga London tomonidan keyingi qo‘llab-quvvatlashni kafolatlash zarurligi ta’kidlandi.
O‘n yildan ortiq davom etgan mojarodan so‘ng Suriya xalqida yangi umid paydo bo‘ldi. Buyuk Britaniya diplomatik munosabatlarni tiklamoqda, chunki yangi hukumatni barcha suriyaliklar uchun barqaror, yanada xavfsiz va farovon kelajak qurish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishida qo‘llab-quvvatlash bizning manfaatlarimizga mos keladi, dedi vazir.
Lemmining ta’kidlashicha, “barqaror Suriya” Buyuk Britaniya manfaatlariga javob beradi, chunki u noqonuniy migratsiya xavfini kamaytiradi, kimyoviy qurollarning yo‘q qilinishini ta’minlaydi va terrorizm, jumladan, ISHID tahdidiga qarshi kurashadi.
Vazir suriyaliklarga gumanitar yordam ko‘rsatish va mamlakatning uzoq muddatli tiklanishini qo‘llab-quvvatlash uchun 94,5 million funt sterling (129 million dollardan ortiq) miqdorida qo‘shimcha yordam paketi ajratilishini aytdi.
Buyuk Britaniya aprel oyi oxirida Suriyaning bir nechta razvedka xizmatlari, ommaviy axborot vositalari, Mudofaa vazirligi va Ichki ishlar vazirligini sanksiyalar ro‘yxatidan chiqardi.
Shundan so‘ng Yevropa Ittifoqi ham Suriyaning yangi hukumati bilan bog‘liq cheklovlarni qisman bekor qildi. Ular qatorida mamlakat Markaziy banki va neft qazib olish hamda paxtani qayta ishlash sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar ham bor.
Izoh (0)