Kecha, 23-avgust kuni Niderlandiya parlamenti hukumatdagi siyosiy inqiroz fonida Falastin davlatini tan olish hamda Isroilga qarshi sanksiyalar joriy qilish taklifini ko‘rib chiqdi. Ammo qonunchilarning katta qismi mazkur tashabbusga qarshilik qildi.

Parlament a’zolarining aksariyati buning o‘rniga Isroildan xalqaro va mahalliy jurnalistlarni G‘azo sektoriga kiritish, shuningdek, HAMAS yetakchilarini qo‘llab-quvvatlayotgan mamlakatlarga maksimal bosim o‘tkazishga chaqiruvchi rezolyutsiyani ma’qulladi.
Ovoz berish jarayonlari arafasida Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkamp iste’foga chiqdi. U shu orqali hukumatning Isroilga nisbatan keskinroq choralar ko‘rishdan bosh tortganiga norozilik bildirdi. Xuddi shu kuni Veldkampning siyosiy ittifoqchilari hisoblangan Yangi ijtimoiy shartnoma (NSC) partiyasi deputatlari ham parlamentdagi o‘rinlarini topshirdi.

Falastinni tan olayotgan G‘arb
Joriy yilning iyul oyida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Falastin davlatini tan olish rejasini bildirdi. U bu haqda BMT Bosh Assambleyasining sentyabrdagi sessiyasida rasman e’lon qilmoqchi.
Mazkur tashabbus Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu tomonidan keskin qoralandi. Qo‘shma Shtatlar ham Parijning qaroriga qarshi chiqdi. Biroq Yevropaning ko‘plab davlatlari bu borada Fransiyani qo‘llab-quvvatlamoqda. Jumladan, Buyuk Britaniya yahudiy davlatiga shart qo‘yib, G‘azodagi urushni sentyabrgacha yakunlamagan taqdirda, Falastin davlatini tan olishini ma’lum qildi.
Izoh (0)