Isroil davlatining tashkil etilishi asosan musulmonlardan iborat mintaqa uchun “porox bochkasi” vazifasini bajardi. Buni qabul qila olmagan arab mamlakatlari dastlabki kundan hujum boshlab, Misr G‘azoni, Iordaniya esa G‘arbiy Sohilni o‘zlashtirdi. Garchand bu urushda hech bir tomon yaqqol g‘alaba qozonmagan bo‘lsa-da, Isroil o‘zining dastlabki kunlaridan oyoqda tura oldi. Yahudiy davlati oradan bir necha yil o’tib, Buyuk Britaniya hamda Fransiyaning Misrga bosqinida ham qatnashdi. Biroq 1967-yilgi urush uning tarixida keskin burilish nuqtasi bo‘ldi. Aynan shundan so‘ng u mintaqaning eng yirik qudratiga aylandi.

Isroil havo kuchlari yuqori maxfiylikda tashkil etilgan amaliyot bilan Misrning deyarli barcha samolyotlarini safdan chiqardi. Ularga aerodromlardayoq zarba berildi. Asosan Sovet namunasidagi uchoqlarga tayanadigan Suriya va Iordaniya havo kuchlari esa aytarli qarshilik ko‘rsata olmadi. Qolaversa, ularda Isroilga bas kela oladigan sondagi qiruvchilar yo‘q edi.
Havoda yaqqol ustunlikni qo‘lga kiritgach, Isroil bundan quruqlik kuchlarini qo‘llab-quvvatlashda unumli foydalandi. Misr armiyasini Sinay yarimorolidan siqib chiqarib, Iordaniyadan G‘arbiy Sohilni tortib oldi. Suriya esa Golan tepaliklaridan ayrildi. Natijada yahudiy davlati o‘z hududini 3 barobarga kengaytirib oldi. E’tiborlisi, bularning bari atigi 6 kunda yuz berdi.

Umuman olganda, urush arab davlatlari uchun sharmandali yakunlandi. Muqaddas qadamjolar, jumladan Al-Aqso masjidi Isroil nazoratiga o‘tdi. Biroq alohida holatlar ham borki, mag‘lubiyat alamini oz bo‘lsa-da aritishga yordam beradi. Bu pokistonlik uchuvchi Sayful A’zam bilan bog‘liq.
Sayful A’zam 1941-yilning 11-sentyabr kuni tavallud topgan. U Sharqiy Pokiston (hozirgi Bangladesh) qurolli kuchlari safiga 18 yoshida qo‘shildi. Yosh va iste‘dodli harbiy ilk yutug‘ini 1965-yilgi Hind-Pokiston urushida qo‘lga kiritdi. O‘shanda u Kanadaning Sabre qiruvchisi bilan Britaniyada ishlab chiqarilgan Folland Gnat samolyotini urib tushirdi.
Pokiston hukumati 1966-yili bir guruh uchuvchilar, jumladan Sayful A’zamni Iordaniya qirollik havo kuchlariga instruktor sifatida yubordi.

Biroq oradan bir yil o‘tib, “Olti kunlik” urush boshlandi. Islomobod o‘z harbiylariga mudofaa amaliyotlarida qatnashish uchun ruxsat berdi. Sayful A’zam o‘zining Britaniyada ishlab chiqarilgan Hawker Hunter qiruvchisida havoga ko‘tarilib, Amman osmonida Isroilning Dassault Mystere samolyotini urib tushirdi. Yana birini esa shikastladi. Alal-oqibat Isroilga yetib borolmay, u ham yerga quladi.

Biroq Isroil havo kuchlari Iordaniyaning Mafraqdagi bazasini bombardimon qildi. Shundan so‘ng pokistonlik uchuvchilar o‘sha kunning o‘zida Iroqqa ko‘chirildi. Sayful A’zam va safdoshlari nafas rostlab o‘tirmadi. Boisi bu uchun vaqt ham yo‘q edi.
Isroil Iroq nishonlarini bombardimon qilish uchun samolyotlar yubordi. Reyd mobaynida isroilliklar Iroqning MiG-21 qiruvchilaridan birini urib tushirishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq Sayful A’zam qasos olib, Isroilning Vautour bombardimonchisi hamda Mirage III qiruvchisini mahv etdi. E‘tiborlisi, buni u MiG-21 samolyotida amalga oshirdi.

Shunday qilib, Pokiston farzandi ikki kun ichida Isroilning to‘rtta samolyotini urib tushirdi. Yana ikki yil Yaqin Sharqda xizmat qilgach, yurtiga qaytdi. Ammo u vataniga sharaf olib kelgan yagona uchuvchi emasdi.

Sattor Alvi 1944-yili Britaniya Hindistonida dunyoga kelgan. Otasi zobit bo‘lgani bois keyinchalik uning o‘zi ham harbiy sohani tanladi. 1965-yili uchuvchilik ta’limini yakunlab, o‘sha yilning o‘zida Hindiston bilan urushda qatnashdi. Biroq uning dastlabki vazifasi bir bazadan boshqasiga buyruq va ko‘rsatmalarni yetkazish edi.

Uchuvchi 1966-yildan 1971-yilgacha Suriyada bo‘lib, instruktor vazifasini bajardi. Aynan shu yerda u MiG-21 samolyoti uchun sinov uchuvchisi sifatida malaka oldi. Biroq Hindiston bilan 1971-yilgi urush uni vataniga qaytishga majbur qildi. Ammo taqdirining Suriya bilan bog‘liq sahifalari hali yakunlanmagandi.
Pokistonning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Zulfiqor Ali Bhutto arab dunyosi bilan yaqin aloqalarni saqlash tarafdori edi. Shu bois 1973-yili “Qiymat kuni urushi” boshlangach, Sattor Alvi kabi malakali uchuvchilar Yaqin Sharqqa yuborildi. Ammo ular yetib kelguncha Misr va Isroil allaqachon sulh imzolab bo‘lgandi. Shu bois ular hanuz kurashayotgan davlat – Suriya tomonida jangga qo‘shilishdi.
1974-yil 26-aprel kuni, Sattar Alvi Suriya havo kuchlarining MiG-21F-13 samolyotida havoga ko‘tarildi. Jami 8 ta samolyotdan iborat guruh sardori yana bir pokistonlik Arif Manzur edi. Parvoz vaqti ularga quruqlik radarlaridan Isroil samolyotlari haqida xabar kelib tushdi. Keyinroq ular Mirage qiruvchilari ekani oydinlashdi.
Pokiston manbalariga ko‘ra, Sattar Alvi isroillik raqibi kapitan Lutz’ni urib tushirgan. U qulayotgan samolyotni katapulta mexanizmi orqali tark etgan. Biroq qo‘nish paytida olgan jarohatlari natijasida baribir uzoq yashamagan. Ammo Tel-Aviv bunday holat bo‘lganini na tan olgan, na inkor qilgan.

Ularning urushdan keyingi hayoti
1971-yilda Bangladesh mustaqillikka erishdi. Sayful A’zam Pokistonda biroz muddat qolgan bo‘lsa-da, keyinroq vataniga qaytdi. Yangi tashkil etilgan davlat havo kuchlariga qo‘shilib, yuqori lavozimlarda xizmat qildi. 1977-yilda guruh kapitani unvoniga ko‘tarilib, 1980-yilda nafaqaga chiqdi.
Sayful A’zam bir necha yildan so‘ng Bangladesh Milliyatchilar partiyasiga qo‘shilib, siyosiy faoliyatga kirishdi. 1991-yilda hatto parlamentga saylandi. Siyosiy karyerasi yakunlangach, savdo va turizm sohasida tadbirkorlik bilan shug‘ullandi. 2020-yilning 14-iyun kuni ajal uni Dakka harbiy garnizonidagi kasalxonadan olib ketdi.
Uning vafoti munosabati bilan Bangladesh havo kuchlari bosh qo‘mondoni, Pokiston havo kuchlari sobiq qo‘mondoni Mujohid Anvar Xon hamda Falastin elchisi chuqur ta’ziya bildirishdi. Marhumga davlat darajasida hurmat ko‘rsatilib, harbiylar ishtirokida dafn marosimi o‘tkazildi.

Sattar Alvi esa 1974-yilgi havo jangidan so‘ng Pokistonga qaytib, parvoz nazoratchisi, taktik ko‘rsatmalar ustida ishlovchi ofitser va o‘quv qo‘llanmalar muallifi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Nafaqadan so‘ng ommaviy axborot vositalari uchun intervyular berdi. U hozir ham hayot. 80 yoshni qarshilagan.

O‘z ishining ustalari
7-may kuni yarim tunda Pokiston va Hindiston zamonaviy aviatsiya tarixidagi eng yirik havo jangini olib bordi. Taxminan bir soat davom etgan janglarda har ikki tomondan yuzdan ortiq samolyotlar qatnashdi. Pokistonlik uchuvchilar yuqori mahorat ko‘rsatib, ularning kamida beshtasini urib tushirdi. Shu kuni safdan chiqarilgan hind samolyotlarining umumiy qiymati bir milliard dollardan ortadi.
Izoh (0)