Rossiyaning yetakchi dron ishlab chiqaruvchilardan biri “Kronshtadt” jiddiy moliyaviy inqirozga yuz tutmoqda. Kompaniya bankrotlik yoqasiga kelib qoldi.

“Kronshtadt” harbiy va fuqarolik maqsadlarida qo‘llaniladigan “Orion” va “Inoxodets” dronlari bilan tanilgan. Biroq so‘nggi uch oy ichida kompaniyaga qarshi 40 ta sud da’vosi qo‘zg‘atildi. Da’vogarlar ishlab chiqaruvchidan umumiy miqdorda 626,3 mln rubl ($7,8 mln) talab qilmoqda. Jumladan:
- “Innovatsion texnologiyalar va materiallar” kompaniyasi — 151,1 mln rubl,
- “Zamonaviy telekommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti” — 220,6 mln rubl.
Ishlab chiqaruvchining moliyaviy muammolari bir necha yil oldin boshlangan. 2023-yilning avgustida “Turbodjet Micro” kompaniyasi “Kronshtadt”ga qarshi bankrotlik arizasi bilan chiqqan edi. U o‘z moliyaviy ko‘rsatkichlarini oxirgi bor 2020-yilda ochiqlagan. O‘shanda kompaniya 2 mlrd rubl ($24,9 mln) daromad va 3,6 mlrd rubl ($44,8 mln) sof zarar ko‘rgani ma’lum bo‘lgan.
“Vaziyat bankrotlik bilan tugashi mumkin. Xizmat ko‘rsatib, mahsulot yetkazib bergan, ammo puli to‘lanmagan subpudratchilar endi sudga ommaviy da’volar kiritmoqda”, dedi “RusDronPort” kompaniyasi rahbari Nikolay Ryashin.
“Kronshtadt” moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotganiga sabablardan biri 2022-yili asosiy investor va moliyaviy manba hisoblangan AFK “Sistema” kompaniyasi bilan hamkorlikning to‘xtashi bo‘ldi. Bu kapitalga kirish imkoniyatini keskin qisqartirdi va qarz bosimini kuchaytirdi. Shuningdek, xalqaro sanksiyalar va komponentlar narxining oshishi ham vaziyatni og‘irlashtirgan.
Izoh (0)