O‘zbekiston prezidenti tomonidan 21-avgustda imzolangan qonun bilan nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatiga noqonuniy aralashganlik uchun javobgarlik belgilandi.

Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 15-aprelda qabul qilinib, Senat tomonidan 30-aprelda ma’qullangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, kodeks 197-8-modda (nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish) bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, davlat organlari mansabdor shaxslari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha (2 million 884 ming so‘mdan 4 million 120 ming so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (4 million 120 ming so‘mdan 6 million 180 ming so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari (diniy tashkilotlar bundan mustasno), shuningdek, ularning vakolatxonalari va filiallarining davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan (hisobga olinmasdan) faoliyatni amalga oshirgani uchun jarimarlar maksilmal miqdori kamaytirildi. Endilikda bu BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha (6 million 180 ming so‘mdan 10,3 million so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Ilgari jarimaning yuqori miqdori BHMning 30 barvariga (12 million 360 ming so‘m) teng bo‘lgan.
Qonunning qabul qilinishi nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyat erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Izoh (0)