Janubiy Afrikada joylashgan supermarketlardan biriga yovvoyi sher kirib kelib, do‘kon ichida vahima keltirib chiqardi. Voqea Limpopo provinsiyasida sodir bo‘lgan.

Voqea do‘kon ichidagi kuzatuv kameralariga yozilgan: yirik sher go‘sht mahsulotlari bo‘limiga yo‘l olgan va aynan kolbasa solingan rastani ag‘darib yuborgan. Hayvon hech kimga hujum qilmagan, biroq uning kutilmaganda paydo bo‘lishi xaridorlar va xodimlar orasida vahima uyg‘otgan. Ayrim kishilar eshik tomon qochgan, boshqalar esa javonlar orqasiga yashirinishga urinib, holatni telefon kamerasiga tushirishga ham ulgurgan.
Shu hududdagi Yovvoyi tabiatni muhofaza qilish markazi xodimlari zudlik bilan chaqirilib, sher joyida tinchlantiruvchi vosita yordamida tutib olingan. So‘ngra u maxsus transport vositasida yaqin atrofdagi qo‘riqlanadigan hududga olib chiqilib, erkinlikka qo‘yib yuborilgan.
Mutaxassislarning dastlabki taxminlariga ko‘ra, bu sher yaqin atrofdagi milliy bog‘ yoki yovvoyi hududdan yo‘lini adashtirib chiqib ketgan. Ayrim mahalliy axborot vositalari, ehtimol, oziq-ovqat izlab odamlar yashaydigan hududga tushib kelgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Janubiy Afrikada bunday holatlar vaqti-vaqti bilan ro‘y beradi. Ayniqsa, milliy bog‘lar yaqinida joylashgan hududlarda hayvonlar ovqat qidirib aholi punktlariga tushib kelishi holatlari avval ham kuzatilgan. Mutasaddilar bunday vaziyatlarda xotirjamlikni saqlash, hayvonga yaqinlashmaslik va zudlik bilan tegishli tashkilotlarga murojaat qilishni tavsiya qiladi.
Izoh (0)