Prezidentning “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qaror bilan davlat xizmatchilari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida 2025-yil 1-avgustdan boshlab davlat organlari va tashkilotlarida har ish kunining muayyan vaqtlarida jismoniy tarbiya va harakat faolligi bo‘yicha tadbirlar o‘tkaziladi.
Davlat organlari xodimlarning vakillik organlari bilan hamkorlikda imkoniyatdan kelib chiqqan holda tashkilot hududida sport zonalari tashkil etiladi. Xodimlar jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Shuningdek, sport targ‘ibotchilari tomonidan xodimlar o‘rtasida tana vazni indeksi o‘lchab boriladi hamda har bir xodim bo‘yicha maʼlumotlar “hrm.argos.uz” platformasiga muntazam kiritib boriladi.
Bundan tashqari, davlat xizmatchilari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini joriy etish maqsadida jismoniy tarbiya va harakat faolligi bo‘yicha tavsiyaviy tadbirlar va jihozlar ro‘yxati hamda ularning meʼyorlari tasdiqlanadi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat xizmatchilari yiliga kamida bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Davlat organlari 2026-yil 1-yanvardan boshlab o‘zlariga tegishli bo‘lgan oshxonalarni to‘liq autsorsing asosida tashkil etadi. Ularda sog‘lom ovqatlanish keng joriy qilinadi hamda shirinliklar, yog‘li, xamir solingan oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar, shuningdek, odam sog‘ligiga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi boshqa turdagi mahsulotlarning savdosi cheklanadi.
O‘zbekistonda 2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat xizmatchilari lavozim maoshi ularning ish tajribasi, ilmiy va malaka darajasi, natijadorligi hamda boshqa ko‘rsatkichlardan kelib chiqib shakllantirilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, davlat xizmatchilari xizmat safari rejasi va natijalari, geografiyasi, xodimlar soni hamda xarajatlarni onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.
Izoh (0)