Hozirda ko‘plab mamlakatlarda trend bo‘lgan Labubu o‘yinchog‘i haqida eshitganmisiz? Tishli, quloqlari uzun, biroz yovvoyi, ammo yoqimtoy maxluqcha ko‘rinishidagi o‘yinchoqlar butun dunyo bo‘ylab zamon bilan hamnafas odamlarni jalb etdi.

Xitoy aholisi Gonkongdagi do‘konlar oldida Labubuni kutib 4–5 soat navbatda turishadi, onlayn savdoda esa o‘yinchoqlar soniyalar ichida sotilib ketadi. Ikkilamchi bozorda ba’zi modeldagi o‘yinchoqlar narxi 500 dollarga ko‘tariladi. Xo‘sh, nega bu o‘yinchoq aholi orasida mashhur bo‘lib ketdi?

Hammasi “raspakovka” (qadoqni ochish)dan boshlandi
Labubu o‘yinchoqlari “gacha” formatida chiqariladi, bu degani siz yopiq qutini xarid qilasiz, lekin ichida aynan qaysi o‘yinchoq yashiringanini bilmaysiz. Qutidan ma’lum kolleksiyaga oid istalgan qahramon chiqishi mumkin. Noyob modelga duch kelish ehtimoli esa juda past. Shu sababli odamlar uchun har bir xarid lotereyaga aylanadi.

Bunday o‘yinchoqlarning oddiy versiyasi 10–30 dollar atrofida turadi, ammo siz noyob Labubuni topib olsangiz, uning narxi bir necha barobarga oshadi. Ko‘plab kolleksionerlar va trendlarga amal qiluvchilar bunday qutilarni ulgurji tarzda xarid qilishadi va kamyob modellar ortidan quvadi.
Labubu — zamonaviy valyuta timsoli
Labubu o‘yinchoqlari gonkonglik rassom Kasing Lung tomonidan yaratilgan. Avval ular ertaklardagi qahramonlar edi, keyinchalik Kaiyodo’s The Monsters hamda Pop Mart liniyasiga kiritildi.

Foto: Woman.ru
Bugungi kunda Labubu oddiy o‘yinchoqdan yirik moda va brendlarning bir qismiga aylanib ulgurdi. Uni Louis Vuitton sumkalarida, Blackpink guruhidagi Liza suratlarida, xonanda Rianna va Dua Lipa kabi yulduzlarning qo‘lida ko‘rish mumkin.

Ushbu o‘yinchoqning trendga chiqishi tufayli Pop Mart kompaniyasining 2024-yilda daromadi 200% ga oshdi, savdolar esa 400 million dollardan ortdi. Hattoki Stenford universiteti talabalari bu o‘yinchoqlar sharafiga birinchi Labubu-reyv tashkil qilishdi.

Foto: Woman.ru
Labubu nimasi bilan barchaga manzur bo‘ldi?
Format. Qutini ochish (blind-box) jarayoni insonlarda o‘zgacha qiziqish uyg‘otadi;
Kolleksiya yig‘ishga ehtiyoj. Butun seriyaga oid o‘yinchoqlar to‘plamini yig‘ishga qiziqadigan insonlar talaygina;
Trend. Dugonasi yoki sevimli blogerining Labubu bilan tushgan suratlari ko‘rgan internet foydalanuvchilari trenddan ortda qolishni istamaydi.
Labubu xarid qilishga arziydimi?

Labubu o‘yinchog‘i aslida oddiy o‘yinchoq va brelok, ammo sun’iy ajiotaj, shov-shuvli xabarlar uni haddan tashqari mashhur qilib yubordi. Odamlar noyob model chiqadi, degan umidda pulini va vaqtini behuda sarflay boshladi. Aslida esa bu shunchaki marketing hiylasi bo‘lib, ushbu trend yana bitta ko‘r-ko‘rona taqlidga aylanib qoldi.
Izoh (0)